Qurilish materiallari sanoatini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

    Hujjatlar 31 Avgust 2021 7415

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Tadbirkorlarning muammo va takliflarini bevosita oʻrganish hamda tadbirkorlikni kelgusida rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini belgilab olish boʻyicha 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan masalalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishda bozor munosabatlarini chuqurlashtirish maqsadida:

    1. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining:

    2021-yil 1-oktyabrdan boshlab sement (klinker) ishlab chiqaruvchilar uchun foyda soligʻining stavkasini 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirish;

    2022-yil 1-yanvardan boshlab sement ishlab chiqarishga moʻljallangan 1 tonna ohaktosh uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq stavkasini ikki baravar kamaytirgan holda 22 500 soʻm miqdorda belgilash haqidagi takliflari maʼqullansin.

    2. Moliya vazirligi bir oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

    Toshkent shahri,

    2021-yil 31-avgust