Oʻzbekistonda qurilish sohasini modernizatsiyalash, jadal va innovatsion rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • qoʻshimcha kichik tizimlar va maʼlumotlar bazalarini yaratish yoʻli bilan qurilish sohasini raqamlashtirish;
  • shaharsozlik sohasidagi normativ bazani modernizatsiyalash va xorijiy normativ hujjatlarni moslashtirish;
  • aholi punktlarini kompleks rivojlantirish tizimini takomillashtirish;
  • qurilish sohasida ayrim ruxsat berish tartibotlarini soddalashtirish yoʻli bilan “Biznes yuritish” xalqaro indeksida “Qurilish uchun ruxsatnomalar olish” koʻrsatkichi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi pozitsiyasini yaxshilash;
  • uy-joy koʻchmas mulki qurilishida ulush kiritish asosida uy-joylarni qurish uchun aholi mablagʻlarini keng jalb qilish orqali ipoteka krediti bozorini va koʻp kvartirali uylar qurilishini rivojlantirish;
  • qurilish materiallarini ishlab chiqishga va obyektlar qurilishiga innovatsion texnologiyalarni tatbiq qilish;
  • investitsiya loyihalari ishtirokchilari oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarda yiriklashtirilgan koʻrsatkichlarga bosqichma-bosqich oʻtish;
  • institutsional asosning liberallashtirilishini hisobga olgan holda litsenziyalash prinsiplarini takomillashtirish, loyiha va pudrat ishlari potensialini kuchaytirish;
  • loyihaning smeta qismida davlat ekspertizasini bekor qilish yoʻli bilan ekspertiza ishlari tizimini takomillashtirish;
  • davlat, mualliflik va texnik nazoratni nodavlat sektorga yoʻnaltirish orqali qurilish sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish;
  • aksiyalar paketini ilgʻor xorijiy investorlarga realizatsiya qilish orqali ilgʻor xorijiy kompaniyalari ishtirokida zamonaviy loyiha institutlarini tashkil qilish;
  • oʻqitishning zamonaviy va innovatsion usullari qoʻllanishini hisobga olgan holda qurilish yoʻnalishidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish tizimini takomillashtirish;
  • loyihalarni moliyalashtirishning davlat manbalari va ularga tenglashtirilgan manbalar hisobidan amalga oshirishda, davlat segmentlarining liberallashtirilganini hisobga olgan holda, nodavlat buyurtmachilar institutini shakllantirish va mustahkamlash;
  • oʻtkazilayotgan fundamental, qidiruv va amaliy ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar samaradorligini oshirish orqali qurilish va arxitektura sohasida ilmiy salohiyatni rivojlantirish;
  • qurilish obyektlarida qurilish-montaj ishlarini bajarishda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga boʻlgan talablarni kuchaytirish;
  • inson kapitalini rivojlantirish, qurilish organlari va muassasalari faoliyatini moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash, ishchilarni ijtimoiy va moddiy ragʻbatlantirishning yangi mexanizmlarini yaratish.

Oʻzbekiston qurilish sohasini modernizatsiyalashjadal va innovatsion rivojlantirishning 20202025-yillarga moʻljallangan strategiyasini amalga oshirish boʻyicha quyidagilarni koʻzda tutuvchi maqsadli koʻrsatkichlar belgilanadi:

  • “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining elektron platformalarining ishlashi 2025-yilga kelib butun respublika boʻyicha 100 foizgacha qamrab olinishiga erishish;
  • Oʻzbekistonning geologik, tabiiy-iqlimiy, seysmologik va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda shaharsozlik sohasida Yevrokodlar moslashuvi ulushini 2025-yilga kelib 50 foizgacha oshirish;
  • Davlat shaharsozlik kadastri geografik axborot tizimi obyektlari boʻyicha maʼlumotlarni, geoportal funksiyalari kengayishini hisobga olgan holda, ochiq foydalanish uchun eʼlon qilinishi ulushini 2025-yilga kelib 70 foizgacha yetkazish;
  • “Biznes yuritish” (Doing Business Index) xalqaro indeksining “Qurilish uchun ruxsatnomalar olish” (Dealing with Construction Permits) yoʻnalishi boʻyicha Oʻzbekiston pozitsiyasining 2025-yilga kelib joriy 61,7 balldan 78,2 ballgacha yaxshilash;
  • ilgʻor xorijiy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda 2025-yilgacha 15 ta zamonaviy loyiha-qidiruv institutlarini tashkil qilish;
  • 2025-yilga kelib buyurtmachi funksiyalarini bajaruvchi nodavlat tashkilotlar ulushini Investitsiya dasturiga kiritilgan obyektlar umumiy sonining kamida 25 foiziga yetkazish;
  • 2025-yilga kelib “hajmli metod”ni joriy etish ulushini respublikadagi qurilish obyektlari umumiy sonining 25 foizigacha yetkazish.