Qurilish va UJKX vazirligining vazifalari nimalardan iborat

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi 214-son qarori bilan Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlandi.

    Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi toʻgʻrisidagi nizom Vazirlik, uning boshqarmalari va tuman boʻlinmalari, shu jumladan Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi va poytaxt Uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasining vazifalari, funksiyalari, huquqlari va javobgarligini belgilaydi.

    Hujjatda vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va koʻrsatkichlari nazarda tutilgan. Shuningdek, uni moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash mexanizmlari belgilangan.

    Vazirlikning asosiy vazifalari:

    - shaharsozlik faoliyati sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, sohada davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha takliflar tayyorlash, shuningdek, soha faoliyatini rivojlantirishning uzoq va oʻrta muddatli dasturlarni va NHHni ishlab chiqishda ishtirok etish;

    - mamlakat hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasini, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalarini, aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi, shaharlar (shaharchalar) bosh rejalari va qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalarini ishlab chiqish, ularga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura nazoratini amalga oshirish;

    - loyiha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, yakka tartibdagi, namunaviy, takroran qoʻllaniladigan eksperimental loyihalarni va energiya tejamkor loyiha yechimlari ishlab chiqishni tashkil etish, ular faoliyatini litsenziyalash hamda shaharsozlik hujjatlarining ekspertiza qilinishini taʼminlash;

    - pudrat bozorini rivojlantirish, jumladan qurilish-pudrat tashkilotlarining ayrim faoliyatlarini litsenziyalash va ulush kiritish asosida quriladigan koʻp xonadonli uylarni roʻyxatga olishni muvofiqlashtirish va boshqalar.

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi toʻgʻrisidagi nizomda uning vazifalari va funksiyalari, shuningdek uning tarkibi belgilangan.

    Hujjat bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmalari, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom va uning namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 18-apreldan kuchga кирди.дебхабар beradi “Norma”.