Taʼkidlanishicha, Qurilish vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi tomonidan mazkur strategiya doirasida

2021-yilning 9 oyida muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Ammo, mamlakatimizda qurilish tarmogʻini yanada takomillashtirish, arxitektura va qurilish organlari, muassasalarni izchil rivojlantirish mexanizmlarini shakllantirish, sohaga ilgʻor raqamli texnologiyalarni joriy etishda dolzarb masalalar hali ham mavjud.

Xususan, Farmon bilan tasdiqlangan Yoʻl xaritaning 51.1-bandida joriy etilayotgan axborot tizimlari va elektron maʼlumotlar bazalarining axborot xavfsizligini taʼminlash, taʼminotni auditdan oʻtkazish vazifasi belgilangan.

Biroq, Qurilish vazirligining axborot tizimlari elektron maʼlumotlar bazalari axborot xavfsizligini taʼminlash boʻyicha “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan auditdan oʻtkazilmagan.

Shuningdek, Yoʻl xaritaning 35.1-bandida Mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta ishlab chiqarish davlat dasturi doirasida tabiiy dekorativ va pardozlash toshlari (granit, marmar, travertin, gabbro va boshqalar) zaxiralarining yangi konlarini oʻzlashtirish boʻyicha Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Qurilish vazirligiga geologiya-qidiruv ishlarini olib borish vazifasi belgilangan. Lekin bu borada tegishli ishlar shu kunga qadar boshlanmagan.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan Qurilish vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi hamda “Kiberxavfsizlik markazi” DUKga joriy etilayotgan axborot tizimlari va elektron maʼlumotlar bazalarining axborot xavfsizligini taʼminlash maqsadida axborot xavfsizligi taʼminotini auditdan oʻtkazish ishlari yakunlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, xalqaro tajribani oʻrgangan holda qurilish klasterlarini joriy etish va uning muvofiqlashtiruvchi organini belgilash, muhandislik -kommunikatsiya va yoʻl-transport infrastrukturasining yetarli quvvati bilan taʼminlangan koʻp kvartirali uylarni qurish uchun yer uchastkalarini oʻz vaqtida auksionga qoʻyish, xorijiy tajribani oʻrganish asosida hudud ehtiyojiga qarab klaster hamkorligi uslubiyoti loyihasini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalari bildirildi.

Mazkur masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.