Mamlakatimizda qurilish sohasini rivojlantirish va uni yanada takomillashtirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy soha obyektlarini bunyod etish va ularni kengaytirish hamda rekonstruktsiya qilishga yo'naltirilgan keng ko'lamdagi iqtisodiy islohotlar olib borilmoqda
Shiddat bilan qad ko'tarayotgan ijtimoiy ob'ektlar, ko'p qavatli turar joylar va umuman olganda, barcha turdagi bunyodkorlik ishlari, o'z navbatida, sifatli qurilish mahsulotlariga bo'lgan talabni kuchaytirmoqda. Ushbu yo'nalishdagi ishlarni to'g'ri yo'lga qo'yish, yangi turdagi energiya tejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarish, sohaga investorlarni keng jalb qilish orqali yirik loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinyapti. Buning natijasida soha jiddiy o'zgarishlar ro'y bermoqda.
Hozirgi kunda qurilish faoliyati bilan shug'ullanayotgan tadbirkorlarni rivojlantirish mamlakatimiz milliy iqtisodiyotini mustahkamlashning eng ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Buni qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning sonining izchil oshib borayotgani ham ko'rsatib turibdi.
Qurilish sohasida faoliyat yuritayogan korxonalar soni bo'yicha ma'lumot (birlikda)
Statistik tahlil natijalari 2021-yilning 1-yanvar holatiga qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarning umumiy soni 40,9 mingtani tashkil etib, bu raqam 2019-yilga nisbatan 4,7 mingtaga oshganligini, so'ngi 4 yilda esa mazkur ko'rsatkich 19 160 taga ko'paygani ko'rish mumkin. 2017-yilga nisbatan taqqoslaganda, 1,9 barobarga oshib, respublika miqyosida faoliyat yuritayotgan korxonalar tarkibida qurilish korxonalarining ulushi 8,6 foizga yetgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo'yicha xizmat ko'rsatayotgan korxonalar tarkibida bino va inshootlar qurish 58,0 foizga (2019-yilga nisbatan 8,0 foizga oshgan), fuqorolik obe'ktlarini qurish 9,3 foizga (2019-yilga nisbatan 22,2 foizga o'sgan) va ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari 32,6 foizga (2019-yilga nisbatan o'sish sur'ati 20,8 foizga) ortganini ko'rish mumkin.
Bugungi kunda qurilish tarmog'i respublikada moddiy ishlab chiqarishning eng muhim yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Uning yalpi ichki mahsulot tarkibida yaratgan qo'shilgan qiymati 2020-yil yanvar-dekabr oylarida 7,0 foizni tashkil etdi.
Yillar kesimida qurilish ishlari
hajmining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi (foiz)
Qurilish ishlar hajmining keyingi yillarda yuqori o'sish sur'atiga ega bo'lishida va yakunda YAIM ko'rsatkichdagi ulushining oshib borishiga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar asosiy tayanch uchtun bo'lyapti. Xususan, mamlakatimizning barcha hududlarida qurilayotgan ko'p qavatli uy-joylar bunga amaliy misolidir. Jumladan, Sergali tumanida 2017-yilda boshlangan muhtoj oilalarni arzon uy-joylar bilan ta'minlash maqsadida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida mazkur hududda so'ngi 3 yilda 460 ta ko'p qavatli uy-joylar foydalanishga topshirildi. Shu davrda bu erga 100 mingdan ziyod aholi ko'chib keldi. 2020-yildan “Yangihayot” tumani tashkil etildi.
Qabul qilingan maqsadli davlat dasturlari doirasida hamda davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflari davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, joylarda qator ijtimoiy soha ob'ektlari bunyod etilmoqda. Poytaxtimizda “Toshkent-siti” zamonaviy xalqaro ishbilarmonlik markazi qad royatlayapti. Bu erda eng zamonaviy loyihalar va o'ziga xos arxitektura echimlari asosida uy-joylar, ofislar, biznes markazlari, ko'ngilochar va dam olish majmualari, milliy va zamonaviy uslubdagi infratuzilma obyektlari va boshqa inshootlar barpo etilyapti.
Shuningdek, Toshkent viloyatining ma'muriy markazi – Nurafshon shahrini mutlaqo yangicha yondashuv asosida va ilg'or xorijiy me'morchilik yutuqlarini qo'llagan holda qurish belgilangan. Ushbu shaharning bosh rejasi xalqaro miqyosdagi xorijiy arxitektorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda.
Bundan tashqari, mamlakatimizda temir yo'l qurilishini samarali tashkil etish va yo'lovchilar tashish xizmatlarining yaxshilanishini ta'minlash maqsadida Toshkent shahrining Sergeli tumanida yer usti metro liniyasi, Yunusobod metro yo'nalishining Shahriston va Turkiston bekatlari, yer osti halqa metro liniyalarining qurilishi aholi uchun zamonaviy va xavfsiz transport qulayliklarini yaratdi.
Qurilishning jadalligi va miqyosining kengligiga doir misollarni har bir hududdan keltirish mumkin.
Ushbu jadvaldagi ko'rsatkichlarni sharhlaydigan bo'lsak, 2020-yilning yanvar-dekabr oylarida, mamlakatimizda jami 87,8 trillion so'mlik qurilish ishlari bajarilgan bo'lib, o'sish sur'ati 2019-yilga nisbatan 109,1 foizni tashkil etdi.
Jami qurilish ishlarining 70,5 foizi yangi loyihalar bo'yicha bajarilganligi, iqtisodiyotda yangidan-yangi ishlab chiqarish quvvatlari hamda ijtimoiy ahamiyatga ega bo'lgan ob'ektlarning barpo etilayotganligi albatta, uning barqaror o'sishiga zamin yaratadi.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo'yicha qurilish ishlarinig asosiy qismi turar-joy binolari va noturar joy binolari bunyod etilishi hisobiga amalga oshirildi. Soha ishlarining umumiy hajmida ularning ulushi 73,2 foizga teng bo'ldi.
Avtomobil` yo'llari, ko'priklar va tunnellar, temir yo'llar, aerodromlar, sug'orish tizimlari, sanoat inshootlari, elektr uzatish liniyalari, ochiq sport majmualari kabi fuqarolik ob'ektlari qurilish bo'yicha bajarilgan ishlar ulushining 15,1 fozini qamrab oldi. 11,7 foizi esa, ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hissasiga to'g'ri keladi. Bu, albatta, aholi turmush darajasining o'sib borayotganligidan dalolatdir.
2020-yilning yanvar-dekabr oylarida yirik qurilish korxona va tashkilotlari tomonidan 24,2 trillion so'mlik qurilish ishlari bajarilib, bu jami bunyojkorlik hajmiga nisbatan 27,6 foizni tashkil etgan bir paytda kichik korxona
va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan ishlar hajmi 52,8 foizni, jismoniy shaxslarniki 19,6 foizni tashkil etdi. Umumiy hajmning 4,2 foizi davlat mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlar hissasiga to'g'ri keladi.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish, sog'lom raqobat muhitini yaratish maqsadida olib borilayotgan qator chora-tadbirlar natijasida nodavlat mulkchilik shaklidagi korxonalar ulushi ham ortib bormoqda. Nodavlat mulkchilik shaklidagi qurilish bilan shug'ullanayotgan korxona
va tashkilotlar tomonidan 84,2 trln. so'mlik (jami qurilish ishlarining 95,8 %) ishlar bajarildi. Bu ko'rsatkich 2019-yilga nisbatan 1,5 punktga ko'payganligi kuzatildi.
Muxtasar aytganda, hozirgi kunda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari kelajakda ko'p ukladli iqtisodiyotni rivojlantirishda indikator vazifasini bajaradi. Arxitektura va qurilish sohasini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, hayot va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan shaharsozlik faoliyatini sifat jihatdan yangi darajaga ko'tarish ustuvor vazifaga aylanib bormoqda.
Muzaffar JAMOLOV,
Davlat statistika qo'mitasi boshqarma boshlig'i