Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi joylarda qurilib foydalanishga topshirilgan va qurilishi davom etayotgan bino va inshootlarda jamoatchilik nazorati tartibida kuzatuv ishlarini davom ettirmoqda, deb xabar beradi federatsiya axborot xizmati.

Jumladan, Fargʻona viloyatining Uchkoʻprik tumanida qurilib foydalanishga topshirilgan va bugungi kunda qurilish ishlari davom ettirilayotgan (bino, inshoot, turarjoy, yengil turdagi va vaqtinchalik qurilmalar) qurilish obyektlarining qurilish norma va qoidalari, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga mosligini oʻrganish boʻyicha jamoatchilik nazorati tartibida ishchi guruh tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish ishlari qator oʻrinlarda kamchiliklar mavjudligini koʻrsatdi.

“Far Kenagas” KMK MCHJ Mullazoir dahasidagi ikkita besh qavatli uyni qurish ishlarida band boʻlgan ishchilarni maxsus kiyimlar va maxsus bosh kiyim (kaska), himoya kamarlari bilan taʼminlamagan. Bu holat tuman hududida qurilish ishlarini olib borayotgan “Kenagas mukammal qurilish” xususiy firmasi, “Dangʻara maxsus suv pudrat” xususiy firmasi, “Qoʻqon agro qurilish” MCHJ, “Uch-Binokor” MCHJ, “Vodiy savdogar parvozi” MCHJ, “Fargʻona Difin” xususiy korxonasiga qarashli obyektlarda ham kuzatildi.

Amaldagi tartib-qoidalarga koʻra, aholi foydalanishi uchun barpo etiladigan bino va inshootlarga barcha birdek kirib chiqishi uchun sharoit yaratish, xususan, nogironlar uchun maxsus yoʻlak (pandus) ham avvalboshdan qurilish ishlari loyihasiga kiritilishi lozim. Lekin oʻrganish ishlari bilan qamrab olingan hamda bugungi kunda qurilish ishlari olib borilayotgan “Far Kenagas” KMK MCHJ, “Kenagas mukammal qurilish” xususiy firmasi, “Qoʻqon agro qurilish” MCHJ, “Vodiy savdogar parvozi” MCHJ, “Fargʻona Difin” xususiy korxonalari tomonidan olib borilayotgan qurilish obyektlarida maxsus yoʻlak (pandus)larning loyihada ham nazarda tutilmaganligi kuzatildi.

“Kenagas mukammal qurilish” xususiy firmasi tomonidan Mullazoir massivida olib borilayotgan koʻp qavatli uylarni qurish ishlarida binoning birinchi qavatidagi xonadonlardagi elektr tarmoqlarini montaj qilish ishlari belgilangan tartibda bajarilmayotganligi kuzatildi.

“Dangʻara maxsus suv pudrat” xususiy firmasi tomonidan 11-maktabgacha taʼlim muassasasi binosini mukammal taʼmirlash ishlarini bajarish jarayoni kuzatilganda binoning texnik holati boʻyicha Qurilish vazirligi huzuridagi Fargʻona viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan xulosa berilganligi, unga koʻra, binoning QMQ 2.01.03-96 (qurilish meʼyoriy qoidalari) zilzilaviy xududlarda qurilishning 3.5-bandi talablariga javob berishi zarurligi koʻrsatilgan boʻlsada, hozirgi binoning demontaj ishlarida seysmik boylamlari yoʻqligi kuzatildi. Qoʻshimcha qurilayotgan binolarning asos qismidagi beton qoplamalarni quyishdan oldin bajariladigan saqichli namlikdan himoyalash qoplamalari yotqizilmagan.

Uchkoʻprik tumani Navroʻzshoh koʻchasi pochta boʻlimi roʻparasida fuqaro Faxriddin Karimov tomonidan uch qavatli, hozir faoliyat turi nomaʼlum boʻlgan bino qurib bitkazilmoqda. Binoning qurilishida tegishli tashkilotlar tomonidan beriladigan hujjatlar rasmiylashtirilmagan, yaʼni noqonuniy ravishda amalga oshirilmoqda.

“Nurli davr” MCHJ Mullazoir dahasi hududida joylashgan tuman zaxira yer maydonlari hisobidan 2021-yilda aholining uy-joyga muhtoj qatlamini uy-joy bilan taʼminlash uchun toʻrtta besh qavatli 160 xonadondan iborat turarjoy binosi qurilishi uchun jami 0,50 gektar yer maydoni ajratilgan. Turarjoylarni qurish ishlari boshlanib, beton qismi quyilgan boʻlsa-da, hozirgi kunda ishlar toʻxtatilganligi kuzatildi.

Oʻrganish ishlari doirasida qurilish obyektlari masʼullariga va fuqarolarga har bir fuqaro qulay hayot faoliyati muhitiga boʻlgan huquqqa ega ekanligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik talablariga, yongʻinga qarshi hamda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga rioya etilishi, shaharsozlik faoliyati sohasidagi jamoatchilik nazorati jamoatchilik muhokamasi, jamoatchilik ekspertizasi shakllarida va qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shakllarda amalga oshirilishi mumkinligi toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.