Aytilishicha, obyektda shu kunga qadar Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan nazorat tadbirlari muntazam olib borilib, qurilish-montaj ishlari sifati ustidan pudratchi va loyihachiga 2-marta yozma koʻrsatma berilgan hamda ular ijrosi taʼminlangan.

Keyinroq obyektni foydalanishga topshirish boʻyicha ishchi komissiya aʼzolari va inspeksiya tomonidan berilgan kamchiliklar pudratchi tomonidan toʻliq bartaraf etilmaganligi sababli, hozirgi kunda ushbu foydalanishga topshirish bayonnomasi inspeksiya tomonidan rasmiylashtirilmagan.

Binoning texnik holatiga keladigan boʻlsak, uning tashqi devoridagi yoriqlar sabab tom qismidan tushayotgan yomgʻir suvlari binoning poydevor qismiga ketayotganligi oqibatida poydevorda choʻkish yuzaga kelgan. Bugungi kunda yuzaga kelgan yoriqlar pudratchi tomonidan taʼmirlangan. Pudratchiga bahorgi taʼtil vaqtida qayta toʻliq taʼmirlash boʻyicha koʻrsatma ham taqdim etilgan.

Maʼlumot oʻrnida, qurilish obektida ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishchi loyiha hujjatlariga asosan 120 oʻrinli qoʻshimcha bino qurilishi koʻrsatilgan boʻlib, ushbu bino qurilishi bosh rejada koʻrsatilgan hududda koʻp yillik daraxtlarni kesishning imkoni boʻlmaganligi sababli avval belgilangan joydan boshqa yerga koʻchirilgan. Qurilish jarayonida kiritilgan oʻzgartirishlarga buyurtmachi tomonidan 2020-yil mart oyida bayonnoma rasmiylashtirilgan.