Mazkur markazning asosiy vazifasi qishloq xoʻjaligi ekinlarining yuqori avlodli urugʻlarini yetishtirish, urugʻchilik sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, seleksiya va urugʻchilik sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashdan iborat boʻladi.
Markaz oʻz faoliyati davomida mutasaddi olim va mutaxassislarni jalb qilgan holda qishloq xoʻjaligi ekinlari urugʻlari tayyorlashda talab etiladigan meʼyorlar va tayyorlash texnologiyalariga qatʼiy rioya qilib borish bilan shugʻullanadi. Mahalliy va xorijiy seleksiya navlari hamda biotexnologik va noanʼanaviy ekin turlari urugʻchiligi hamda koʻchatchiligini tashkil etish va rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi.
Shu bilan birga, sabzavot va polizchilikda mahalliy seleksiya navlarini tiklash, F1 duragay urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish borasida tizimli ishlarni olib boradi. Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining genetik sofligini saqlagan holda sifatli urugʻlarni tayyorlash va amalda tatbiq etish, ularini eksport qiladi.
Kelgusida markazning yuqori malakali mutaxassislari tomonidan ilmiy-innovatsiya yutuqlarni qoʻllagan holda qishloq xoʻjaligi ekinlari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurash ishlarini jadallashtirish, urugʻdorilagichlardan samarali foydalanish kabi maqsadlar belgilab olindi.