Oliy Majlisga yoʻllangan Murojaatnoma paytida davlatimiz rahbarining mazkur soʻzlarini eshitib, yana bir bor shu yurt farzandi ekanligimdan iftixor tuydim. Yoshlarga gʻamxoʻrlik, keksalarga ehtirom koʻrsatiladigan bu diyorda har qancha xizmat qilsang, fidokorona ishlasang arziydi.
Oliy taʼlimning qamrovi va sifatini kuchaytirishga jiddiy eʼtibor qaratilishi, davlat grantlari sonining, xususan, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar sonini 2 barobarga oshirilishi, aʼlo baholarga oʻqiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalarning joriy etilishi – kelajagimiz egalari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Xususiy oliygohlarga zarur mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha davlat buyurtmasi berish tizimining yoʻlga qoʻyilishi ham bitiruvchi yigit-qizlarning ishsiz qolmasligini kafolatlaydi. Bundan tashqari, aniq fanlarni oʻzlashtirilishiga boʻlgan qaygʻurish ham vatan rivojiga ulkan hissa qoʻshishi bilan birga, yoshlarni yangidan-yangi kashfiyot, ilm yoʻlida turli innovatsiyalar qilishga undaydi. 30 yoshgacha boʻlgan davrda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydigan, hayotda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashadigan, yaxlit va uzluksiz tizimning yaratilishi – vatanimiz rivojiga yana-da koʻproq hissa qoʻshishimizga muhim turtki boʻladi. Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, yoshlar uchun sarflangan sarmoya jamiyatga oʻn, yuz barobar koʻp foyda keltiradi.
Qolaversa, birinchi marta 900 nafar chin yetim yoshlarni uy-joy bilan taʼminlashga byudjetdan 50 milliard soʻm ajratilishi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni normal hayot kechirishiga, endi ular ham qiynalmay yashashlari, ish boshlashlariga asosiy omildir.
Yangi yilning dasturilamali hisoblangan Murojaatnomada yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun sharoit hozirlash, qobiliyat va isteʼdodini roʻyobga chiqarish, muammolari bilan muntazam ravishda shugʻullanish, xususan, qiz bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash, madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish bilan bogʻliq vazifalar zimmamizga alohida masʼuliyat yuklaydi va buni sharaf bilan bajarishga doimo shaymiz.
Ahrorbek AKBAROV,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Namangan viloyati kengashi raisining birinchi oʻrinbosari,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzosi.