Radar orqali aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha jarima qoʻllash muddatlari bir oy bilan cheklanishi mumkin — Qonun loyihasi

    Yoʻl harakati qoidalarining kam ahamiyatli buzilishi uchun maʼmuriy ogohlantirish chorasi joriy etilmoqda.

    Bu Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi majlisida muhokama etilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasida aks etmoqda.

    Senatorlarning taʼkidlashicha, yoʻl-transport hodisalarini kamaytirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgan boʻlsa-da, ayrim huquqiy normalar samaradorligini oshirish zarurati mavjud.

    Qayd etish lozimki, haydovchilarga 2024-yilda sodir etilgan qoidabuzarligi uchun rasmiylashtirilgan qaror serverdagi nosozliklar sababli oradan 11 oy oʻtib yuborilganligi aholi orasida haqli eʼtirozlarga sabab boʻldi.

    Amaldagi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 36-moddasida maʼmuriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkinligi belgilangan.

    Qonunda maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish vositalari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha jarima qoʻllash muddatlari bir oy bilan cheklanmoqda.