Ramazon — saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi

    Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga moʻmin-musulmonlar koʻpdan koʻp ajr-savoblarga ega boʻladi. Chunki tabarruk oyda Alloh taoloning rahmatu magʻfirati har qachongidan-da koʻproq yogʻiladi.

    Alloh taologa beadad hamdu sanolar, suyukli Paygʻambarimiz Muhammad Mustafoga salavotu salomlar boʻlsin!

    Avvalo, xalqimizni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi va oʻz nomimdan Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etaman. Haq taolo ushbu fazilatli, fayzli damlarni dunyo moʻmin-musulmonlari uchun tinchlik-osoyishtalik, farovon hayot va ikki dunyo saodatiga eltuvchi oy qilsin.

    Bu borada kechagina muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori eʼlon qilingani nur ustiga nur boʻldi, deyish mumkin. Unda xalqimiz uchun ezgulik, mehr-oqibat va shukronalik timsoli boʻlgan qutlugʻ oyni bir qator tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda milliy anʼana va qadriyatlarga mos tarzda oʻtkazishga doir chora-tadbirlar belgilangani yurtdoshlarimizni juda mamnun etdi.

    Darhaqiqat, ushbu qutlugʻ oyda yaxshilik, xayru saxovat eshiklari yanada keng ochiladi. Allohning afv va magʻfirat xazinasidan har bir kishi oʻz nasibasini olishga intiladi.

    “Ramazon — saxovat, birdamlik va bagʻrikenglik oyi” shiori ostida oʻtishi tavsiya etilgan mazkur oyda ­ehtiyojmandlar, ilm-maʼrifat yoʻlida izlanayotgan yoshlarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, oila rishtalarini mus­tahkamlash kabi xayrli ishlar qayd etilgan. Shuningdek, mahallalarda oʻzaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish, hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, atrof-muhitni asrab-­avaylash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obodonlashtirish, koʻchat ekishdek dinimiz ham, anʼanalarimiz ham yoqlaydigan goʻzal ishlarga daʼvat etilgan.

    Iftorlik singari tadbirlarda meʼyorga amal qilish, isrofga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor berish belgilandi. Bu esa fazilatli oyning shukuhli oʻtishida katta omil boʻladi, insha Alloh.

    Yaratganga shukrki, yangi Oʻzbekistonda barcha sohalar qatori diniy-maʼrifiy jabhada ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, emin-erkin ibodat qilish uchun keng imkoniyatlar berilayotgani, masjid-madrasalar obod qilinayotgani, haj-umra qiluvchilar soni oshayotgani moʻmin-musulmonlarni birday quvontirmoqda.

    Eslab oʻtish oʻrinliki, oʻtgan yili yurtimizda oʻtkazilgan xalqaro anjumanlarda qatnashgan xorijlik muftiylar, taniqli ulamolar va olim-professorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Yaqin kelajakda zaminimizdan yana Buxoriylar, Termiziylar, Farobiylar, Beruniylar chiqishiga ishonch bildirildi.

    Ayni maqsadlarni koʻzda tutgan holda poytaxtimizda bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi yurtimizdagi bir necha ming yillik oʻtmish va ulugʻvor maqsadlarimizni bir joyga jamlagan muhtasham majmua boʻladi. Ushbu maskan bilan tanishgan odam Islom, avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bagʻrikenglik dini ekanini, oʻzbek xalqining dunyo tamadduniga qoʻshgan buyuk hissasini yaqqol anglaydi. Shuning­dek, Samarqand viloyatida bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi allomalarimizga koʻrsatilayotgan yuksak ehtiromning oliy namunasidir.

    Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, eʼtiqod erkinligini taʼminlash, milliy qadriyatlarni ­eʼzozlash, xalqimizni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash yoʻlida olib borilayotgan saʼy-harakatlarning yorqin ifodasidir. Har yili Yurtboshimiz Ramazon oyining kirib kelishiga, hayitlarga alohida eʼtibor qaratishi ham hamyurtlarimizning bu oyni yanada koʻtarinki kayfiyatda, chin ixlos va oʻzgacha tayyorgarlik ila kutib olishiga sabab boʻlib kelmoqda.

    Mohi Ramazonda ado etiladigan solih amallar evaziga moʻmin-musulmonlar koʻpdan koʻp ajr-savoblarga ega boʻladi. Chunki tabarruk oyda Alloh taoloning rahmatu magʻfirati har qachongidan-da koʻproq yogʻiladi.

    Ramazon — xayru saxovat oyidir. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

    “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiyrogʻi edilar. Ayniqsa, Ramazon oyida yanada saxiy boʻlib ketar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda shiddat bilan ­esayotgan shamoldan-da uchqurroq edilar” (Muttafaqun alayh).

    Shunday ekan, qoʻli ochiq insonlarimiz nogironlar, yolgʻiz keksalar, boquvchisini yoʻqotgan fuqarolar hamda kam taʼminlangan oilalarga mehr-muruvvat ulashishi, bemorlar holidan xabar olib, koʻngillarini koʻtarishi eng savobli amal ekanini eslatib oʻtish oʻrinlidir.

    Taʼkidlash kerakki, yurtimizda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan ijtimoiy himoya sohasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, kam taʼminlangan oilalar, nogironligi bor shaxslar, yetim bolalarga manzilli yordamlar koʻrsatish, ularni oʻqitish, kasb-hunar oʻrgatish, ishga joylashtirish borasida ham xayrli ishlar qilinmoqda.

    Ana shunday savobli ishlarga ham­ohang ravishda hojilar ishtirokida oʻtkazilgan qariyb yetmish mingta targʻibot tadbirida 430 mingdan ziyod ehtiyojmand kishilarga moddiy-maʼnaviy koʻmak berildi. Bunday xayrli ishlar qutlugʻ oyda yanada qizgʻin davom etadi. Chunki biz, ulamolar bu yil Ramazon oyini mehr-muruvvat, xayr-saxovat mavsumiga aylantirishni oʻzimizga shior qilib oldik! Toki qutlugʻ oyda har bir xonadon, har bir kishining qalbiga xursandchilik kirib borsin.

    Ramazon — Qurʼon oyidir. Alloh ­taoloning kalomi aynan shu oyda nozil boʻlgan. Haq taolo Baqara surasining 185-oyatida bunday deydi:

    “Ramazon oyi — odamlar uchun hidoyat manbai va toʻgʻri yoʻl hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qurʼon nozil qilingan oydir”.

    Anʼanaga koʻra, bu yil ham mamlakatimizdagi jome masjidlarda tarovih namozlari boshlandi. Ularda 27 kun davomida xatmi Qurʼon ado etiladi. Alloh nasib etsa, barcha masjidlarda Ramazon oyi­ning yigirma yettinchi kechasi, yaʼni Qadr kechasida xatmi Qurʼonlar yakunlanib, bir vaqtning oʻzida bir necha million xalqimiz Haq taologa duo qiladi. Mana shunday jamuljam iltijolar ijobatidan, yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon boʻladi. Oʻlkamizga ilohiy nur, baraka yogʻiladi, insha Alloh.

    Ramazon — duo oyidir. Bu haqda Qurʼoni karim va hadisi shariflarda bir qancha oyatu hadislar kelgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

    “Qachon bandalarim sendan Men haqimda soʻrasalar, bas, albatta, Men yaqindirman. Duo qiluvchi Menga duo qilganda, duosini ijobat qilurman. Bas, Menga ijobat qilsinlar va Menga iymon keltirsinlar. Shoyadki, toʻgʻri yoʻlni topsalar” (“Baqara” surasi, 186-oyat).

    Ulamolar mazkur oyatning roʻza haqidagi oyatlardan keyin zikr qilinishida Ramazon oyining duo oyi ekaniga dalil va ishora bor, deydi. Quyidagi hadisi sharifda ham Ramazon duo oyi ekani aytilgan:

    Abu Said roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Ramazonning har kecha-kunduzida doʻzaxdan ozod qilingan (banda)lar boʻlur. Ulardan har biri uchun qabul boʻladigan bir duo bor”, dedilar” (Imom Ahmad rivoyati).

    Mana shunday lahzalarda Haq taolodan moʻmin-musulmonlarimiz tutadigan roʻzalari qabul, ibodatlari maqbul va duolari mustajob boʻlishini soʻraymiz. Alloh taboraka va taolo ezgu maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimizni roʻyobga chiqarsin!

    Muhtaram Prezidentimiz sogʻ-salomat, Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti bundan-da farovon, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlar va dinlararo totuvlik, hamjihatlik muhiti barqaror boʻlsin!

    Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy