Bugungi O'zbekiston zaminidan etishib chiqqan buyuk allomalar va mutafakkirlarning jahon ilm-fani, islom dini va tsivilizatsiyasini rivojlantirishdagi roli dunyo hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilmoqda. O'rta asrlarda yurtimizda Qur'on va hadislardagi ilm, ma'rifat g'oyalari ta'sirida xalqimizning buyuk allomalari etishib chiqdi. Ajdodlarimizning noyob merosini yosh avlodga etkazish, xalqimizning qadriyatlarini tiklash maqsadida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Samarqand shahrida Imom Buxoriy markazi tashkil etildi.
Muqaddas islom dini rivojiga beqiyos hissa qo'shgan, hadis ilmining sultoni, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriyning ulkan merosini ilmiy asosda o'rganish, xalqimiz va jahon jamoatchiligiga keng targ'ib etish, azaliy milliy qadriyatlarimizni saqlash va ulug'lash asosida yosh avlodning ruhiy va ma'naviy olamini boyitish, iymon-e'tiqodini mustahkamlash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg'ularini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etilgan ushbu markaz qoshidagi muzeyda aynan hadisshunos olim Imom Buxoriy hayot yo'li va faoliyatiga bag'ishlangan ekspozitsiyaga ko'zingiz tushadi.
O'zbekiston Respublikasi san'at arbobi, professor Alisher Aliqulov mo'yqalamiga mansub bo'lgan “Imom Buxoriyning hayot yo'llari va merosi” deb nomlangan mahobatli devoriy surat o'zining badiiy-ilmiy echimi, tugallangan kompozitsiyasi, xadisshunos olim Imom Buxoriy davri muhitini to'laqonli ifoda etib berganligi bilan e'tiborlidir.
Mahobatli devoriy suratning umumiy o'lchami 280x42 mni tashkil etib, unda buyuk muhaddis olimning ilm o'choqlaridagi 40 yildan ortiq ilmiy safarlari tafsilotlari tasvirlangan. YA'ni, muzeyga kirganimizda o'ng tomon yuqori qismdagi boshlangan birinchi suratda Imom Buxoriyning 16 yoshlarida ilmiy safarlari boshlanishi, tuya ustida onalari, ot ustida esa akalari Ahmad bilan haj ibodatini maqsad qilib, Buxorodan Arabistonning Makka va Madina shaharlariga jo'nab ketishi aks ettirilgan.
Asar Imom Buxoriyning ustozlaridan tahsil olish jarayonlari, o'tkir zehn, kuchli xotiraga ega bo'lganliklari haqida hikoya qiladi. Imom Buxoriyning ustozlari bilan hadis ilmidan suhbati, islom diyorlarida ustozlaridan jamlagan hadislar orasidan eng sahih-ishonchlilarini saralab olishi haqida so'zlaydi. Shuningdek, o'sha suratning ikki tomonida allomaning nafaqat hadisshunoslik, balki falakiyot ilmi, me'morchilik san'atiga bo'lgan qiziqishlari detallar yordamida ko'rsatilgan.
Yana bir suratda Bag'dodda o'tkazilgan imtihon jarayoni tasvirlangan. Tarixdan ma'lumki, boshqa Sharq mamlakatlarining muhaddis olimlari ham hadislarni to'plash mashg'ul bo'lishgan. Asarda turli liboslardagi hadisshunos olimlarning tasvirlanishi fikrimiz dalilidir. 10 ta buyuk muhaddis olimlar qarshisida Bag'dodda o'tkazilgan imtihon jarayonida Imom Buxoriy o'zlarining zehni, ilmlariga ishongan tarzda, mag'rur turgan holda rassom tomonidan tasvir etilgan. Ushbu tasvirda navqiron muhaddis olim Imom Buxoriy ularning savollariga aniq va to'g'ri javob berayotgan holatlari rassom tomonidan juda mohirona tasvirlangan. Kompozitsiyadagi boshqa muhaddis olimlarning liboslari, bosh kiyimlari, hattoki asarda ko'rsatilgan inter`erning ko'rinishi rassomdan katta bilim talab qilganligi shubhasiz.
Mahobatli rangtasvir asarining oltinchi fragmentida Imom Buxoriyning Bag'doddagi muxaddislar oldida o'zlarining ilmlari bilan e'tirofga sazovor bo'lib, yorug' yuz bilan vatan sog'inchi ila ona yurti bo'lmish Buxoroga qaytib kelayotganliklari va Buxoro xalqi tomonidan xursandchilik ila kutib olinishi tasvirlangan. YA'ni, yurib ketayotgan Imom Buxoriy, ularga yo'l ko'rsatayotgan vatandoshlari ko'zlarida quvonch, patnislarda nonlar bilan qarshi olmoqdalar. Ularning yo'llari to'g'risida, lavh ustida Qur'oni karimning tasvirlanishi ham xalqimizning hamisha islom arkonlarini mukammal bilishlarini, hamda bosh g'oyamiz ma'rifat, ezgulik ila yo'g'rilib kelayotganini anglash mumkin.
Ettinchi suratda esa allomaning Buxoroda tolibi ilmlarga hadis ilmidan tahsil berayotganliklari aks etgan. Ya'ni, Imom Buxoriy o'zlarining qirq ikki yillik faoliyati davomida o'zlaridan ko'plab shogirdlar qoldirganliklari, hamda bugungi kunda ham ustoz-shogird an'anasi davom etib kelayotgani tasvirlangan.
Sakkizinchi suratda esa Imom Buxoriyning o'z vatani Buxoroni tark etib, Samarqandga kirib kelishi tasvirlangan. Bilamizki, Imom Buxoriyning hayotlari deyarli sayohatda, sahih hadislarni to'plash bilan o'tgan. Alloma hayotlarining so'nggi yillarini Samarqandda o'tkazganliklari tarixdan ma'lum.
“Imom Buxoriyning hayot yo'llari va merosi” deb nomlangan mahobatli rangtasvir asarining fon qismlariga esa ular qoldirgan hadislarning turli tillarda ya'ni, o'zbek, ingliz, rus, arab, turk, ispan, fors va xitoy tillaridagi ko'rinishlari aks etgan.
Bundan tashqari rassom tachpanellarda Markaziy Osiyo kitobat san'atining o'ziga xos rivoji, tarannumini aks etish maqsadida qo'lyozmalarning sahifalari va arab yozuvining turli ko'rinishlari aks etgan tasvirlarni ham mohirona ifoda eta olgan.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlamoq joizki, dunyoning qaysi burchagiga bormaylik, bizga Imom Buxoriyning vatandoshi, avlodlari – buxoriylar deb katta hurmat va e'tibor bilan munosabatda bo'lishadi, havas qilishadi. Imom Buxoriy barchamizning faxrimiz, iftixorimizdir. Mohir mo'yqalam ustasi Alisher Aliqulov ana shu iftixorni o'zining rangtasvir asarlarida tarixiy manbalar yordamida tarannum eta olgan ijodkordir.
Dilafro'z QURBONOVA,
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektori, tarix fanlari doktori