Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda Avstriya tajribasi taklif etildi

    Xalqaro hamkorlik 16 Fevral 2023 1314

    Oʻzbekistonning Avstriyadagi elchisi Abat Fayzullayev Avstriya moliya vazirligida texnologiya transferi, telekommunikatsiya va togʻ-kon sanoati sohalari boʻyicha vazir oʻrinbosari Andreas Rayxxard bilan uchrashdi.

    Uchrashuv avvalida Avstriya tomoniga mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish, barcha tarmoqlar va sohalarda, eng avvalo, davlat boshqaruvi, taʼlim, sogʻliqni saqlash va qishloq xoʻjaligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati va kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.

    Shuningdek, xorij tomoniga “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi va uning ustuvor vazifalari, mamlakatda aloqa va telekommunikatsiyalarning ochiq va raqobatbardosh bozorini yaratish boʻyicha islohotlar, respublikada yaratilgan IT-parklar va ularning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar taqdim etilar ekan, oʻzaro hamkorlikning istiqbolli sohalari sanab oʻtildi.

    Andreas Rayxxard texnologiyalar transferi yoʻnalishida Oʻzbekistonning mutasaddi vazirlik va tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini maʼlum qildi. Amaliy hamkorlikning birinchi bosqichi sifatida Avstriyaga Oʻzbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasining tashrifini tashkil etish hamda uning doirasida oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi.

    Muzokaralarda tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik ham katta salohiyatga ega ekanligini taʼkidlashar ekan, bu yoʻnalishda ham yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olindi.

    Taʼkidlash joizki, 2021-yilda Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Avstriyaning “BAUER Röhren- und Pumpenwerk” kompaniyasi oʻrtasida qiymati 7,9 million yevro miqdoriga teng shartnoma imzolangan. Ushbu hujjat doirasida respublika qishloq xoʻjaligi sohasiga tomchilatib sugʻorish texnologiyalari olib kelinyapti. Mazkur kelishuv Avstriya hukumatining “soft-loun”lari (uzoq muddatli foizsiz imtiyozli kreditlari) hisobidan moliyalashtirilyapti.

    Avstriya moliya vaziri oʻrinbosari ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish doirasida togʻ-kon sanoati sohasida ham istiqbolli yoʻnalishlar mavjud ekanligini taʼkidladi. Jumladan, Avstriya kompaniyalarining mazkur sohalardagi ilgʻor texnologiyalarini joriy etish natijasida Oʻzbekistonda qoʻshimcha qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda keng imkoniyatlar borligi, qolaversa, foydali qazilmalar yoʻnalishida yangi konlarni izlab topish boʻyicha Avstriya tajribasi va texnologiyalaridan foydalanish tomonlar uchun manfaatli sheriklik sohalaridan biri ekanligi taʼkidlandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.