– Bugun tadbirning asosiy maqsadi ham Modellashtirish markazi haqida batafsil maʼlumot berishga yoʻnaltirilgan. Avvallari hamma maʼlumotlar qogʻozda boʻlgan boʻlsa, hozir hamma maʼlumotlar raqamlashtirildi. Neft-gaz sohasida yuqori darajaga erishish, geologik tadbirlarni samarali tashkil etishda aynan shu markaz faoliyati muhim oʻrin egallaydi. Albatta, tizimga raqamlashtirishning joriy qilinganidan keyin ishimiz yanada jadallashdi va samaradorlik yuqori boʻldi, deydi - “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi oʻrinbosari Behzod Usmonov. - Yangi konlarni burgʻilash va ulardan gaz ishlab chiqarish doimiy rejamiz hisoblanadi. Joriy yilda 123 ta yangi konlar boʻyicha ishlayapmiz. Mavjud konlarni ham kapital taʼmirlash orqali moʻljalga erishish maqsadida xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Shu bilan birga, gazni qazib chiqarish va ishlab chiqarish jarayoni ham raqamlashtiriladi. Yaʼni, bu borada “Ye-kon” loyihasi joriy qilinmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad har bir konning hududida gaz ishlab chiqarishni onlayn koʻrib turish va ularda zarur boʻlgan ishlarni amalga oshirishdir, – dedi B.Usmonov.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, sohamutaxassislairning bergan maʼlumotlariga koʻra, Modellashtirish markazi tomonidan 2019-2023-yillar mobaynida “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarrufidagi 7200 dan ortiq quduq boʻyicha 470 mingga yaqin geologik va texnik maʼlumotlar, 1400 dan ortiq quduq boʻyicha 44 mingta geofizik tadqiqotlar natijalari va 5476 kilometr kvadrat, 750 ta seysmik maʼlumotlar raqamlashtirilgan.
– Ahamiyatlisi, maʼlumotlarni yaxlit tizimda birlashtirish asosida Oʻzbekiston neft va gaz sanoatining yagona Milliy maʼlumotlar bazasi tashkil qilindi. Milliy maʼlumotlar bazasini loyihalashtirish, zarur moddiy-texnik resurslarni yetkazib berish, ularni oʻrnatish va ishga tushirishda AQSHning “Schlumberger” kompaniyasi bilan hamkorlik qilindi. Ayni paytda uglevodorod konlarini raqamli 3D geologik va gidrodinamik modellarini tuzish va ishlab chiqarishga bosqichma-bosqich tatbiq etish ishlari amalga oshirilmoqda. Yer osti geologik maʼlumotlarini raqamlashtirish orqali 122 ta konning raqamli geologik, 83 ta konning gidrodinamik, 52 ta konning yer usti tarmoq modellari, 6 ta integral, 2 ta regional modellari va 4 ta konning “Techlog” loyihalari ishlab chiqildi, – dedi ushbu markaz boʻlim boshligʻi Anvar Murotov.
Modellashtirishning afzalligi shundaki, raqamli geologik, gidrodinamik va tarmoq modellarni ishlab chiqarishga jalb qilinishi natijasida mavjud risklar kamaytirilishiga erishildi. Xususan, “Quyi Sharqiy Berdaq”, “Quyi Surgil”, “Shoʻrtan”, “Dengizkoʻl”, “Alan”, “Tegirmon”, “Qulbeshkak”, “Doyaxotin” va koʻplab boshqa konlardagi burgʻilash uchun moʻljallangan 150 tadan ortiq quduqning loyihaviy joylashuv oʻrni qayta koʻrib chiqilib, istiqboli yuqori boʻlgan joylarga oʻzgartirildi va konstruksiyasi optimizatsiya qilinib, ijobiy natijaga erishilmoqda. Ishlatilayotgan konlarda geologik risk ilgari 40-45 foiz boʻlgan boʻlsa, hozirda 5-10 foizgacha kamaytirildi. Raqamli transformatsiya natijasida olingan samara 66,7 million dollarni tashkil etdi.
Press-turda markaz tomonidan 2023-yilda konlarning geologik va gidrodinamik modellaridan tashqari ularning tarmoq va regional modellarini yaratish hamda ishlab chiqarishga integratsiya qilish ishlari amalga oshirilishi haqida ham soʻz yuritildi. Unga koʻra, joriy yilda yangi ochiladigan barcha konlarning geologik modeli, 28 ta konning gidrodinamik modeli, 40 ta konning tarmoq modellari, shuningdek, Muborak va Shoʻrtan neftgaz hududlari boʻyicha hamda Buxoro – Xiva regioni rif tizimiga oid, jami 3ta regional modellar tuziladi.
Press-tur doirasida jurnalistlar, “OʻZLITINEFTGAZ” aksiyadorlik jamiyati faoliyati bilan ham tanishishga muvaffaq boʻldi. Jamiyat boshqaruvi raisi Ulugʻbek Nazarov “Oʻzbekneftgaz” AJ konlarini raqamlashtirish boʻyicha “Ye-kon” loyihasining maqsadi va undan kutilayotgan natijalar xususida maʼlumot berdi.
– “OʻZLITINEFTGAZ” AJ jamiyat tasarrufidagi konlarni ekspluatatsiya koʻrsatkichlarini prognoz qilish vositalari yordamida jadal surʼatlarda uglevodorod xomashyosini qazib olish tizimini tezkor tahlil qilish va boshqarish boʻyicha dasturiy-texnik kompleksi ishlab chiqilmoqda. Ishlab chiqilayotgan tizimning maqsadi yer usti jihozlash tizimlari bilan integratsiyalashgan tarzda tabiiy gazni qazib olishni toʻliq axborotlashtirish va raqamlashtirishdan iborat. Bu orqali konlardagi qazib olingan tabiiy gazni yoʻldosh suvdan ajratish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, har bir quduqning texnologik ish rejimlarini va umuman, konlarni optimallashtirish boʻyicha quduq unumdorligining haqiqiy qiymatlarini hisobga olishga erishiladi. Bugungi kunga qadar “Ye-kon” bazaviy dasturiy-texnik kompleksi, shuningdek, konlarni raqamlashtirishning yer usti jihozlashni tezkor boshqarish tizimi (SCADA) ishlab chiqilgan, – dedi jamiyat boshqaruvi raisi Ulugʻbek Nazarov.
Gulichehra DURDIYEVA,
"Yangi Oʻzbekiston" muxbiri