2020-yilning yilning 5-oktabrida davlatimiz rahbari “Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonga imzo chekkan.
Shuningdek, Prezidentning 6-oktyabrdagi qarori bilan joriy yil oxiriga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bittadan informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarni tashkil etish vazifasi qoʻyilgan.
Yuqoridagi farmonga muvofiq, Xorazm viloyatida raqamli transformatsiya boʻyicha namunaviy tumanlar sifatida Shovot va Xonqa belgilangan boʻlib, 2020-yil hamda 2021-yil I choragi yakuniga qadar bu hududlarda bir qator loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Ishchi guruh Xonqa tumanidagi 27-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida amalga oshirilayotgan “Elektron kundalik” axborot tizimi, tuman markaziy poliklinikasida “Elektron poliklinika” axborot tizimi, tumandagi 48-sonli ayrim fanlar chuqur oʻrganiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internati negizida Informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirish tayanch maktabi tashkil etilishi hamda barpo etilayotgan “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi” boʻyicha olib borilayotgan ishlar va boshqa loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
Viloyatda raqamli transformatsiya loyihalarini amalga oshirish uchun masʼul rahbarlarga loyihalarni jadallashtirish yuzasidan koʻrsatma va topshiriqlar berildi.