Bu haqda Prezidentning shu yilning 3-noyabr kuni qabul qilingan “Raqamli prokuratura – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmonida belgilangan.
Farmonga koʻra, quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- 2030-yilgacha ilgʻor xalqaro tajriba asosida prokuratura organlari faoliyatining barcha yoʻnalishlarini avtomatlashtirish;
- tergov va prokuror nazorati jarayonlarini elektron shaklga oʻtkazish.
Mazkur tizim davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunlarning ijro etilishi, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning Konstitutsiya va qonunlarga muvofiqligini masofaviy nazorat qilish imkonini beradi.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarida qonunlarga rioya etilishi ustidan monitoring olib borish maqsadida “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimining sinov versiyasi ishlab chiqiladi.
Farmonga koʻra, “E-tergov” axborot tizimi joriy etiladi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- jinoyat ishi yurituvining barcha bosqichlarini elektron shaklga oʻtkazish;
- sud ekspertizasini onlayn rejimda tayinlash;
- moddiy zararni hisobga olish va undirish jarayonlarini monitoring qilish.
Bundan tashqari, Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 oʻquv yilidan har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida kunduzgi taʼlim shaklida oʻqish muddati 4-yilni tashkil etadigan “Kiberhuquq” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi joriy etiladi.
Mazkur Farmon va Strategiyadagi vazifalarning amalga oshirilishini taʼminlash uchun Bosh prokuraturaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi negizida Bosh prokuraturaning Raqamli texnologiyalar markazi tashkil etiladi.