Raqobat qoʻmitasi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJga nisbatan ish qoʻzgʻatdi

    “Bahouddin Naqshband” yodgorlik majmuasiga nisbatan 115,0 mln soʻmlik qoʻshimcha toʻlov hisoblanganligi aniqlangan.

    «Bahouddin Naqshband» yodgorlik majmuasi markazi elektr tarmoqlarining amalda belgilangan tarifga nisbatan qoʻshimcha toʻlov hisoblanayotganidan norozi boʻlib, Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasining Buxoro viloyati hududiy boshqarmasidan amaliy yordam soʻradi.

    Taʼkidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 22-avgustdagi 364-sonli qarori 3-bandi (Vazirlar Mahkamasining 10.09.2003 yildagi 525-f-sonli Farmoyishi 1-bandi)da Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi diniy tashkilotlar 2003-yil 1-sentyabrdan boshlab ularga koʻrsatiladigan kommunal xizmatlarga toʻlovlarni aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha toʻlashi koʻrsatilgan.

    Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan oʻrganishlar jarayonida, «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ tomonidan «Bahouddin Naqshband» yodgorlik majmuasi markaziga yetkazib berilgan elektr energiya uchun yuritilgan hisob-kitoblarda yuqoridagi qaror talablariga rioya qilmagan holda amalda belgilangan tariflarni oshirib qoʻllash natijasida majmuaga nisbatan 115,0 mln soʻmlik qoʻshimcha toʻlov hisoblanganligi aniqlangan.

    Shu munosabat bilan, boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda «Hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJning «Buxoro hududiy elektr tarmoqlari» AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatildi.