Qoʻmitaga umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati boʻyicha isteʼmolchilardan murojaatlar kelib tushgan.

Murojaatlarda ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10−15 foiz, baʼzan esa 20 foizgacha xizmat haqi qoʻshimcha toʻlov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablagʻlar talab qilinayotgani haqida fikrlar bildirilgan.

“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunining 4, 19 va 21-moddalariga asosan:

  • isteʼmolchi tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida toʻgʻri va toʻliq maʼlumot olish, ularni erkin tanlash hamda sifatli boʻlishiga talab qilishga haqli;
  • ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart;
  • sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Shundan kelib chiqib, Qoʻmita umumiy ovqatlanish sohasidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarini qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga yoʻl qoʻymasliklari, yaʼni umumiy ovqatlanish korxonalari turlaridan kelib chiqib isteʼmolchilarning oʻz-oʻziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish, taomlar narxi, xizmat koʻrsatish tartibi va ular bilan bogʻliq shartlar, shu jumladan, ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqidagi maʼlumotlar bilan oʻz vaqtida toʻliq tanishtirib oʻtishlari lozimligi borasida ogohlantirdi.

Qoʻmita shu turdagi huquqbuzarliklar sodir etilganda 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkinligini eslatib oʻtgan.