Raqobat qoʻmitasi axborot xizmati fuqarolardan gaz taʼminotiga oid 1500 ga yaqin eʼtirozli murojaatlar kelib tushganini maʼlum qildi.
Murojaatlar isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan tabiiy gazning sifatsizligi, suyultirilgan gazni muddatida yetkazilmaslik, koʻrsatilmagan xizmatlar uchun asossiz qarzdorlik hisoblash, tabiiy gaz hisoblagich uskunasini oʻrnatish va davlat qiyoslovidan oʻtkazish kabi masalalarda boʻlgan.
Taʼkidlanishicha, Qoʻmita isteʼmolchilarning qonuniy huquq manfaatlarini himoya qilib kelmoqda.
Samarqand viloyati misolida
Hududiy boshqarma Ishtixon tumanidan N.B.ning gaz bosimi pastligi, Payariq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro J.Q.ning suyultirilgan gaz baloni oʻz vaqtida yetkazilmayotganligi va Kattaqoʻrgʻon shahrida istiqomat qiluvchi U.M.ning muntazam toʻlovlarni amalga oshirishiga qaramasdan qarzdorlik ortayotgani kabi noroziliklar bildirilgan murojaatlarini oʻrganib chiqdi.
Oʻrganishlar va qayta qilingan hisob-kitoblar jarayonida murojaatlarda keltirilgan shikoyatlar asosligi maʼlum boʻldi hamda hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “HUDUDGAZ SAMARQAND” gaz taʼminoti filialiga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, mavjud aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Jizzax viloyati misolida
Jizzax viloyat hududiy boshqarmasiga gaz taʼminoti boʻyicha kelgan murojaatlardan biri “YUG SEVER STROY” MCHJga tegishli boʻldi.
Oʻrganishlar jarayonida “ZARBDORTUMANGAZ” gaz taʼminoti filiali tomonidan mazkur MCHJga 121 757 550 soʻm miqdoridagi asossiz qarzdorlik hisoblangani aniqlandi.
Natijada Maxsus komissiya tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun talablaridan kelib chiqib, “HUDUDGAZTAʼMINOTI” AJ va “HUDUDGAZ JIZZAX” gaz taʼminoti filialiga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, murojaatda keltirilgan 121 757 550 soʻm mablagʻni toʻliq “YUG SEVER STROY” MCHJning foydasiga qayta hisob-kitob qilish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.
Toshkent viloyati misolida
Raqobat qoʻmitasiga Call-center orqali fuqaro xonadonidagi gaz hisoblagichini yangi elektron hisoblagichga almashtirish masalasida amaliy yordam soʻrab murojaat yoʻllagan.
Hududiy boshqarma tomonidan oʻrganishlar olib borilganda masala gaz taʼminoti xodimlari tomonidan hal etilmagani, fuqaroning bugungi kunda hisoblagich sotib olish uchun sharoiti yoʻqligi maʼlum boʻldi.
Oʻrganish natijasida fuqaroga “OLMALIQSHAHARGAZ” gaz taʼminoti boʻlimi tomonidan yangi zamonaviy G-4 rusumli elektron gaz hisoblagich oʻrnatib berilishi taʼminlandi.
Andijon viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga Andijon shahar istiqomat qiluvchi fuqaro B.T. tomonidan kelib tushgan murojaatda foydalanilgan tabiiy gaz isteʼmoli uchun “HUDUDGAZ ANDIJON” gaz taʼminoti filiali tomonidan asossiz 4 600 000 soʻm qarzdorlik hisoblanganligidan norozi boʻlib murojaat yoʻllangan.
Murojaat toʻlov qogʻozlari va qayta hisob-kitoblar asosida oʻrganilganda isteʼmolchining foydalangan gazdan qarzdorligi yoʻqligi maʼlum boʻldi va mazkur xonadonga qoʻyilgan mazkur qarzdorlik bartaraf etildi.
Buxoro viloyati misolida
Fuqaro A.T. hududiy boshqarmaga murojaat yuborib, oʻzi istiqomat qilayotgan uyda gaz hisoblagich ishlamayotgani, bu haqda xizmat koʻrsatuvchi korxonaga murojaat qilgani, shunga qaramasdan 18,7 mln soʻm hisoblanayotgani, ushbu masalada amaliy yordam soʻragan.
Hududiy boshqarmaning olib borilgan oʻrganish natijasida “BUXORO SHAHAR GAZ” gaz taʼminoti filiali tomonidan fuqaroga hisoblagichi nosozligi haqida dalolatnoma tuzilgan, asossiz hisoblangan qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinib, uning foydalangan gazga toʻlovi 1,8 mln soʻm hisoblanib, ortiqcha 16,9 soʻm asossizligi sababli isteʼmolchining hisob varagʻidan chiqarildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi misolida
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga Nukus shahar “ALMAZAR” MFYda yashovchi fuqaro S.B.dan, Nukus shahar yashovchi fuqaro Q.D.lardan “HUDUDGAZ QORAQALPOGʻISTON” gaz taʼminoti filiali bilan qayta hisob-kitob qilish masalasida amaliy yordam soʻrab murojaat qilishgan.
Ushbu murojaatlar “NUKUSSHAHARGAZ” gaz taʼminoti boʻlimi bilan oʻrganib chiqilganda, fuqaro S.B. hisob raqamiga 7 161 669 soʻm qarzdorlik, fuqaro Q.D.ga esa 4 200 000 soʻm qarzdorlik borligi aniqlandi.Olib borilgan qayta hisob-kitoblar mazkur qarzdorliklar asossiz ekanligini koʻrsatdi va murojaat isteʼmolchi foydasiga hal etildi.
Qashqadaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro E.E. gaz boʻyicha Qarshi shahar majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorlikni undirish boʻyicha qaror qabul qilinganidan norozi boʻlib murojaat yoʻllagan.
Oʻrganishlarda fuqaro Qarshi tumanida yashashi va unga 261 000 soʻm qarzdorlik chiqarilgani hamda MIBning qarori bilan ham tanishib chiqildi. Natijada qarzdorlikka ega abonent raqami boshqa bir fuqaroga tegishli ekanligi, taʼminot xodimlarining masʼuliyatsizligi sababli dasturda xatolik yuzaga kelgani aniqlandi hamda murojaatchi nomidagi qarzdorlik bartaraf etilib, MIB qarori oʻzgartirildi.
Xorazm viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga fuqaro X. N. Urganch tumani “OQMAKTAB” mahallasida joylashgan xonadoni uchun 4 137 060 soʻm asossiz qarzdorlik yuklatilganligi yuzasidan murojaatini bergan.
Oʻrganishlarda xonadon 2022-yil avgust oyida sotib olingani, bugungi kunda xonadoniga yangi hisoblagich oʻrnatilgani, ammo shunga qaramay bu xonadonda tabiiy gaz mavjud emasligi, eski hisoblagichi boʻyicha toʻlovlar toʻliq amalga oshirilib, toʻxtatilgani maʼlum boʻldi.
Shundan soʻng asossiz hisoblangan 4 137 060 soʻm fuqaro foydasiga qayta hisob-kitob qilinib, mazkur xonadon tabiiy gaz tizimiga ulandi.
Navoiy viloyati misolida
Raqobat qoʻmitasining ishonch telefoniga Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolar A.A. va R.U. gaz taʼminoti korxonasi tomonidan xonadoniga yangi elektron gaz hisoblagich oʻrnatib berish kechikayotganligi yuzasidan murojaatlari kelib tushgan.
Hududiy boshqarma tomonidan murojaat oʻrganib chiqildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-iyuldagi PQ-4388-sonli qaroriga asosan tabiiy gazni nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini barcha turdagi isteʼmolchilar uchun toʻliq joriy etish belgilab berilgan.
Mazkur Farmonga asosan “HUDUDGAZ NAVOIY” gaz taʼminoti filiali tomonidan fuqarolar xonadoniga yangi elektron gaz hisoblagich oʻrnatib berilishi taʼminlandi.
Namangan viloyati misolida
Namangan shahrida yangi qurilgan koʻp qavatli uylardan xonadonlar sotib olgan 3 nafar fuqaro taʼminotchi korxona tomonidan uylariga gaz hisoblagich oʻrnatilmaganligidan norozi boʻlib qilgan murojaatlari Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish davomida murojaatda keltirilgan koʻp qavatli uylar Namangan shaharda joylashgan boʻlib, “SAMO BUILD-14” MCHJ tomonidan qurilib, fuqarolarga topshirilganligi aniqlandi.
Natijada “HUDUDGAZ NAMANGAN” gaz taʼminoti filiali xodimlari va quruvchi “SAMO BUILD-14” MCHJ xodimlariga “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-21-moddalari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilib, natijada murojaatchilar xonadoniga gaz hisoblagichlar oʻrnatib berilishiga erishildi.
Sirdaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarmaga Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.A.dan tushgan murojaatda “BOYOVUT TUMAN GAZ” taʼminoti filiali tomonidan 1 039 680 soʻm miqdorida qarzdorlik hisoblanganidan noroziligini bildirgan.
Oʻrganishlarda fuqaroga nisbatan gaz taʼminoti filiali yashash xonadoniga loyihadan tashqari jihozlar oʻrnatilgan, degan vaj bilan dalolatnoma rasmiylashtirgani, ammo haqiqatda bu xonadonda loyihaga kirmagan jihozlar mavjud emasligi maʼlum boʻldi.
Natijada “BOYOVUT TUMAN GAZ” taʼminoti boʻlimi tomonidan “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasi talablariga zid ravishda dalolatnoma rasmiylashtirilganligi aniqlanib, fuqaroga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma bekor qilinishi va 1 039 680 soʻm miqdoridagi noreal qarzdorlik olib tashlanishi taʼminlandi.
Surxondaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan fuqaro X.M.ning qoʻmitaga “pm.gov.uz” orqali qilgan murojaati oʻrganib chiqildi.
Oʻrganish davomida xonadonni gaz loyihasi tayyorlangandan soʻng, “TERMIZSHAHARGAZ” taʼminoti boʻlimi tomonidan 2024-yil 22-avgust kuni qayta dalolatnoma rasmiylashtirilib, loyihadan tashqari 2 ta nuqta borligini asos qilib “TERMIZSHAHARGAZ” taʼminoti boʻlimi xodimlari tomonidan tabiiy gaz uchun 1 900 000 soʻm qarzdorlik hisoblanganligi aniqlandi.
Shuningdek, isteʼmolchining tabiiy gaz uchun amalga oshirgan toʻlovlari qayta hisob-kitob qilinganda qarzdorlik 918 000 soʻmni tashkil qilgan, qolgan 982 000 soʻmlik qarzdorlik asossiz boʻlib chiqdi va mazkur xonadonning hisob-varagʻidan olib tashlandi.