Majlisda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, amaldagi statistika tizimida ochiq maʼlumotlar oshkoraligi va sifat darajasining pastligi, maʼlumotlarni fuqarolar va jahon hamjamiyatga yetkazish mexanizmining xalqaro talablarga toʻliq javob bermasligi shuningdek, Qonun faqatgina davlat statistika organlari faoliyatini tartibga solib, statistik maʼlumotlarni ishlab chiqish boʻyicha boshqa vazirlik va idoralarning faoliyatini qamrab olmagani kabi muammolar mavjud.

Muammolarni bartaraf etish, belgilanadigan qamrov va sifat talablari kengligi va toʻliqligini taʼminlash maqsadida Qonun bilan “davlat statistikasi” oʻrniga “rasmiy statistika” tartibi joriy qilinmoqda.

Davlat statistikasi statistika organlari tomonidan shakllantiriladigan statistik maʼlumotlarni nazarda tutgan boʻlsa, rasmiy statistika barcha tayyorlovchilar tomonidan tayyorlangan va tarqatiladigan statistik maʼlumotlarni qamrab oladi.

“Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi Qonun mamlakat milliy statistika tizimining islohotlar talablariga javob beradigan, mutlaqo yangilangan huquqiy asosini yaratib bermoqda.

Natijada milliy statistika tizimiga kiruvchi barcha subyektlarning faoliyatiga huquqiy asos va rasmiy statistikaning xalqaro darajada tan olinishiga institutsional baza yaratiladi.

Rasmiy statistikaning umumfoydalanish uchun ochiqlik holati, maʼlumotlarning oshkoralik va sifat darajasi, ularni fuqarolar va jahon hamjamiyatiga yetkazishning amaldagi mexanizmlari xalqaro talablar bilan uygʻunlashtirilgan.

Umuman joriy etilayotgan oʻzgarishlar statistika hisobotini ishonchli yuritish, axborotdan foydalanish samaradorligini oshirish, mamlakat nufuzi va investitsiyaviy jozibadorligini mustahkamlash hamda boshqaruvda ochiqlikni taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

Majlisda shuningdek “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Makroiqtisodiy barqarorlikni yana-da mustahkamlash, iqtisodiy oʻsish surʼatlarini oshirish orqali aholi farovonligiga erishi maqsadida olib borilayotgan islohotlarni taʼminlash yuzasidan qabul qilingan qarorlar, tasdiqlangan dasturlar ijrosi uchun talab etiladigan qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlar asoslari mazkur Qonun bilan mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Jumladan, turizm obyektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yoʻl infratuzilmalarini yaxshilash uchun 410 milliard soʻm, Endokrin kasalliklarni erta aniqlash va davolash hamda muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga 124,2 milliard soʻm, “El-yurt umidi” jamgʻarmasiga nufuzli xorijiy oliygohlarda oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga (82 tadan 350 taga) oshirish uchun 80 milliard soʻm va 2021/2022 oʻquv yilidan oliy taʼlim muassasalariga davlat grantida qabul koʻrsatkichlarini 25 foizga oshirish, ehtiyojmand oilalar qizlariga grantlarni 2 barobarga koʻpaytirib, 2 mingtaga yetkazish uchun 64,4 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, mahallalarda ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni daromadli mehnat bilan band qilish, ularning oʻz biznesini tashkil etishiga koʻmaklashish tadbirlarini davom ettirish maqsadida qabul qilingan Prezident qarori ijrosini taʼminlashga:

- oilaviy tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun vakolatli banklar ustav kapitalini 1,3 trillion soʻmga oshirish;

- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirishga qoʻshimcha 1,5 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, ichki yoʻl va ichimlik suvi taʼminoti va oilaviy tadbirkorlik dasturlari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlar barpo etilishi kabi tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlari uchun 6,4 trillion soʻm yoʻnaltirilishi qayd etilgan.

Qoʻmita aʼzolari shuningdek, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarda nazarda tutilgan infratuzilmani yaratish, sanoatlashuv va innovatsiyalarga koʻmaklashish maqsadiga erishish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan yuborilgan parlament soʻroviga hukumatning javobini ham koʻrib chiqdilar.

Koʻrilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.