Mazkur noaniqlikning sababi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan reaktiv energiyani realizatsiya qilishdan olinadigan daromaddan QQS hisoblanmasdan va toʻlanmasdan kelinayotgani edi.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkin, mazkur jamiyat tarkibiga kiruvchi elektr stansiyalar (IES va GES) tomonidan oʻtgan 2016 — 2020-yillar davomida jami 50,9 mlrd.kVAr.soat 852,7 mlrd.soʻmlik reaktiv energiya ishlab chiqarilgan va tarmoqqa uzatilgan.
Davlat soliq xizmati organlari, xususan, Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi Soliq kodeksining 45- va 238-moddalariga asoslangan holda elektr energiya — tovarlar, deb eʼtirof etilib, tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma QQS soliq solish obyekti hisoblanishini taʼkidlab kelmoqda.
Davlat soliq xizmati organlari hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ oʻrtasidagi noaniqlikka sud nuqta qoʻydi. Yaʼni, Xorazm va Fargʻona hududiy elektr tarmoqlari korxonaci bilan boʻlgan navbatdagi sud jarayonining apellyatsiya instansiyasida ham Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi pozitsiyasi qonuniy va toʻgʻri deb topildi. Shuningdek, Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi bilan boʻlgan sudning birinchi instansiyasi yakunida ham xuddi shunday qaror qabul qilindi.
HETKning pozitsiyasini quvvatlagan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufidagi OTMlar oʻz xulosalarini suddan inobatga olmaslikni soʻrashdi. Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Fargʻona politexnika instituti vakillari hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilari muhokamadagi masala yuzasidan qonun va normativ hujjatlar boʻyicha yondashish yoki vakolatli tashkilotlardan tegishli xulosalar olish maqsadga muvofiqligini taʼkidlab, OTM vakillari tomonidan avval berilgan xulosani yuridik kuchga ega emas, deb hisoblanishini soʻrashgan.
Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan aniqlangan maʼlumotlarga koʻra, 14 ta HETK tomonidan jami 38,5 mlrd.kVar soat 585,4 mlrd. soʻmlik (2016-yilda — 72,1 mlrd., 2017-yilda — 86,9 mlrd., 2018-yilda — 94,6 mlrd., 2019-yilda — 174,4 mlrd., 2020-yil 9 oyida — 157,3 mlrd.soʻm) reaktiv energiya shartnomalar asosida realizatsiya qilinganligi va 109,2 mlrd. soʻmlik qoʻshilgan qiymat soligʻi byudjetga toʻlanmasdan qolganligi maʼlum boʻldi.
Yakunda Davlat soliq xizmat organlari mavjud qonunlardan kelib chiqqan holda faoliyat olib borishini alohida taʼkidlashni istardik. Oʻz navbatida, soliq toʻlovchilardan ham amaldagi qonuniy tartiblarga rioya qilgan holda soliq va yigʻimlarni oʻz muddatida amalga oshirishlarini soʻraymiz.
Unutmang, Davlat soliq xizmati organlari — insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkoridir!
Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo
davlat soliq inspeksiyasi Matbuot xizmati