Masalan, xizmat koʻrsatish tizimining soddalashtirilgani — birgina eksterritorial tamoyili, kompozit xizmatlar, FHDY arxiv hujjatlarining raqamlashuvi fuqarolarga qulaylik tugʻdirmoqda. Bu esa mamlakatimizga tashrif buyurayotgan xorijliklar uchun ham keng imkoniyatlar ochmoqda.
Yana bir masala, Samarqand nafaqat oʻzining boqiy va betakror tarixiy majmualari, balki mazali taomlari bilan ham dunyoga mashhur. Aslini olganda mazkur juftlikni Samarqandda birlashtirgan ham shu. Marshall va Ebru oʻzbek milliy taomlarini juda yaxshi koʻrishadi. Buni qarangki, ularning muhabbat tarixi ham oʻzbek taomlaridan boshlangan.
Qanday deysizmi, kunlarning birida Ebru Marshaldan velosipedda kelishni soʻraydi. Ular yoʻl boʻylab suhbatlashishadi va Ebru Marshalni “Brighton - Beach” dagi oʻzining sevimli oʻzbek restorani hisoblangan “Nargis Café” siga taklif qiladi. Buni qarangki, Marshall ham oʻsha oʻzbek restoranining muxlisi edi. Eng muhimi, bu oʻziga xos uchrashuv 4-iyul sanasida boʻlib oʻtgan. Shu bois ham juftlik hayotidagi ushbu muhim kunni aynan ushbu sana va aynan Samarqandda nishonlashga qaror qilishdi.
Soʻnggi ikki yil ichida ikkalasi ham yangi istiqbolli ish topishdi. Ular hatto Turkiyada zaytun bogʻini sotib olishdi va shu yilning sentyabr oyida toʻy qilmoqchi. Boʻlib oʻtadigan katta toʻyida mehmonlarga oʻzlarining zaytun moylarini berishni rejalashtirishgan.
Toʻy marosimining oʻtkazilish joyi haqida savol tugʻilganda, yoshlar uzoq vaqt oʻylab oʻtirishmadi. Axir, bir necha yil oldin Samarqandda boʻlgan Marshall shahar tarixi va meʼmorchiligiga oshiq boʻlgan. Shu sabab ham ular Registonni tanlashdi. Ularning nazdida Samarqand abadiylikni aks ettiradigan moʻjizakor joydir, deb yozmoqda Adliya yangiliklari telegram kanali.