Majlisda “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga alohida toʻxtalib oʻtildi. Xususan, hujjatning 16-moddasida boshqa tovar reklamasida qoʻllaniladigan yoki video va kino mahsulotlarida, shuningdek boshqa ilm-fan, adabiyot va sanʼat asarlarida (mualliflik huquqi), efir yoki kabel orqali koʻrsatuvlar (eshittirishlar) beruvchi tashkilotlarning ijrolarida, fonogrammalarida foydalaniladigan umumiy yechimni, matnni, tasvirni, musiqali yoki ovozli effektlarni aynan takrorlashga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangani qayd etildi.
Mazkur normaning gʻoyat dolzarbligi shundaki, aksariyat ijodkorlar, rejissyorlar oʻz asarlaridan, filmlaridagi matnlardan reklama jarayonida ruxsatsiz foydalaniladi, bu masala senatorlar tomonidan tanqid ostiga olindi. Jumladan, oʻzbek adabiyotining durdonasi boʻlgan “Oʻtgan kunlar” romanidagi “Siz oʻshami?” degan mashhur jumla juda koʻp suiisteʼmol qilingan, bu kabi holatlarga endilikda qonunan chek qoʻyilishi taʼkidlandi.
Majlisda Senat tomonidan amaliyotga joriy etilgan yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda olib borilishi boʻyicha reyting tizimi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama etildi.
Bu borada ishchi organ sifatida Yoshlar ishlari agentligi rahbariyatining axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, reyting baholashga koʻra eng yuqori natija koʻrsatgan 3 ta (1, 2 va 3-oʻrin) hudud rahbari hamda ularning yoshlar masalalariga masʼul boʻlgan oʻrinbosarlarini moddiy hamda maʼnaviy ragʻbatlantirish tartibi, hududlarni indikatorlar asosida reyting baholash metodikasi ishlab chiqilgan.
Shuningdek, reyting baholashga doir maʼlumotlarning markazlashgan elektron tizimini joriy etish boʻyicha mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Yoshlar portali platformasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bu orqali mutasaddi rahbarlar faoliyatini baholash imkoniyati yaratilgan.
Majlisda hududlarda amalga oshirilishi yuzasidan reyting tizimi boʻyicha quyi tizimlar faoliyatini yanada jonlantirish, dastlabki natijalar toʻgʻrisida Senatga axborot berib borish hamda bu borada mutasaddilar masʼuliyatini yanada oshirish lozimligi qayd etildi.
Reyting baholashga koʻra eng yuqori natija koʻrsatgan hududda 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar va talabalar forumi tashkil qilinishi taʼkidlandi.
Muhokama natijalari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.