Reklama va marketing dunyoda eng rivojlanib borayotgan va serdaromad yo'nalishlardan biri sanaladi. Bugun qaerga qaramang katta-kichik reklama, e'lonlarga ko'zingiz tushadi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar rivojlanishi reklama bozori uchun yirik tijoriy maydonni ochib berdi.

Axborot tarqatishning mazkur kreativ usuli kun sayin zamonaviylashib, yangi texnologiyalar asosida takomillashib boryapti. Shu bilan birga, uning mavjud qonunchilik bilan tartibga solib bo'lmaydigan yo'llari ham ortmoqda. Jumladan, so'nggi vaqtlarda teleekran va internet tarmoqlarida urchigan turli dori vositalari, tez tayyor bo'ladigan xilma-xil lapshalar to'g'risidagi reklamalar ko'pchilikni bezdirgani bor gap. Ularning qisqa vaqt oralig'ida, tinimsiz aylanishi esa odamlarda “reklama berishning me'yor talablari bormi?” , degan e'tirozli savollariga sabab bo'lmoqda.

Shu kabi holatlarni tartibga solish maqsadida joriy yil 7-iyun kuni yangi tahrirdagi “Reklama to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonuni Prezident tomonidan imzolandi.

— Amaldagi 30 moddadan  iborat “Reklama to'g'risida”gi qonun 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan bo'lib, bugunga qadar unga 15 marotaba o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan, — deydi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori Elmurod Haitmetov. — Ammo unda umumiy tusga ega bo'lgan va ishlamaydigan normalar mavjud ediki, ular reklama faoliyati bilan bog'liq munosabatlarni to'liq qamrab olmagan. Shu bois, yangi tahrirdagi “Reklama to'g'risida”gi qonunga zarurat paydo bo'ldi. Mazkur qonun 8 bob, 53 moddadan iborat. Jarayonda qonun loyihasi 11 ta vazirlik va idora bilan kelishilib, jamoatchilik muhokamasidan o'tkazildi. Uni ishlab chiqishda 30 ga yaqin xorijiy davlat qonunlari, xalqaro hujjatlar va boshqa ilmiy nashrlar tahlil qilindi. Natijada qonunga amaldagi qonunosti hujjatlari normalari ham kiritilib, reklama faoliyatini tartibga soluvchi yaxlit hujjat sifatida aks ettirildi.

Shu vaqtgacha amalda bo'lgan qonunda reklama faoliyatiga qo'yiladigan talablarning yetarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarning reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmagani ham ko'plab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo'layotgan edi. Xususan, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan 2021-yil davomida o'tkazilgan 27 mingga yaqin o'rganishlardan qariyb 15,5 ming holatda turli kamchiliklar aniqlangan. Tadbirkorlik va iste'molchilik madaniyatini takomillashtirish, reklama sohasida nohalol raqobat va noto'g'ri reklamaning oldini olish maqsadida mazkur kamchiliklarni tezkor bartaraf etish choralari ko'rilgan.

Misol uchun, mamlakatimizda reklama qilinishi qonun bilan taqiqlangan yoki cheklangan mahsulotlar mavjud. Tamaki, elektron sigaretalar, energetik ichimliklar, alkogol, pivo, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o'yinlar reklamasi shular jumlasidan. Ammo qat'iy belgilangan qonun talablariga qaramay, mazkur cheklovlarni buzayotgan tadbirkorlar ham yo'q emas. O'z qornini o'ylab, insonlar salomatligiga, qolaversa, qonun talablariga bepisand qarayotgan bunday kimsalarga o'z vaqtida tegishli choralar ko'rilmoqda.

Xususan, savdo va umumiy ovqatlanish ob'ektlari tashqi va ichki qismida reklama qilinishi taqiqlangan mahsulotlarga, ya'ni tamaki, alkogol, elektron sigaret, pivo va boshqa reklama-axborotlarini joylashtirish holatlari bo'yicha 1 ming 71 ta holatda aniqlangan kamchiliklar bartaraf qilindi.

Agentlik tomonidan dori vositalari, biologik faol qo'shimchalar va boshqa davolash preparatlari, rag'batlantiruvchi tadbirlar, nodavlat ta'lim va xorijda o'qish xizmatlarini ko'rsatish, davolash, tibbiy xizmat va diagnostika xizmatlarini ko'rsatish bilan bog'liq, shuningdek, barcha yo'nalishlardagi reklamalar bo'yicha ham doimiy ravishda o'rganishlar olib borilmoqda.

Reklama o'zi nima?

Reklamaning asosiy vazifasi iste'molchini biror tovar yoki xizmat turidan xabardor qilish, ya'ni mahsulot haqida axborot berishdan iborat.  Qadimgi Rim va Yunonistonda paydo bo'lgan xabar (reklama)ning ilk shakllari og'zaki tarzda yetkazilgan. Reklama so'zi lotinchadan tarjima qilganda, “baqirmoq, qichqirmoq” ma'nolarini anglatishi ham shu bilan bog'liq bo'lsa kerak.

Keyinchalik, yozma, hatto, mahsulotni tovar belgisi qo'yib tamg'alash yo'li bilan reklama qilish boshlangan. Hozirgi shakldagi reklama esa AQSHda paydo bo'ldi. XIX asrning ikkinchi yarmidayoq reklama agentliklari faoliyati yo'lga qo'yilib, bu xizmat turi katta daromad manbaiga aylandi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida reklama xizmatlarining ahamiyati bilan birga, unga sarflanadigan xarajatlar ham ortdi. Ma'lumotlarga ko'ra, amerikalik farmasevtlar o'z mahsulotlarini reklama qilishga tadqiqotlardan ko'ra ikki barobar ko'proq pul sarflashar ekan.

Tarixda reklama bilan bog'liq qiziq voqea ham mavjud. Ma'lumotlarga ko'ra, Gollivud ramziga aylangan “Hollywood” yozuviga 1923-yilda savdo agenti Garri Chindlerning ko'chmas mulk reklamasi bo'yicha bergan buyurtmasi asos solgan. O'shanda bu so'z “Hollywoodland” tarzida yozilgan va uni reklama qilish muddati yarim yilga belgilangan. Biroq keyinchalik yozuv o'z joyida qolib, 1949-yilda qayta ta'mirlangan va oxirgi to'rtta harfi olib tashlangan. Qarabsizki, reklama maqsadida o'rnatilgan yozuv 50-yillarga kelib, “Hollywood” tarzida shaharning “tashrif qog'ozi”ga aylandi.

Umuman, reklama bevosita iste'molchi va xaridorlarga xizmat ko'rsatish, mahsulot to'g'risida axborot berish bilan bog'liq bo'lgani bois, qadimgi davrlardanoq uning belgilangan mezonlarga mos kelishi talab etilgan. Masalan, qonuniylik, aniqlik, ishonchlilik, reklamadan foydalanuvchiga zarar etkazmaydigan shakl va vositalardan foydalanish reklamaga doir asosiy talablardir. Shuningdek, iste'molchilarni chalg'itadigan yolg'on yoki noaniq ma'lumotlarni reklama vositasida tarqatish qonun bilan taqiqlanadi.

Darsliklarga reklama joylashtirish taqiqlanadi?

Shu bois, yangi tahrirdagi “Reklama to'g'risida”gi qonunda qonun normalarini qo'llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, “reklama obyekti”, “integratsiyalashtirilgan reklama”, “ichki reklama”, “nomuvofiq reklama”, “axloqsiz reklama”, “yashirin reklama”, “homiylik” kabi yangi tushunchalar bilan to'ldirildi.

Eng muhim yangiliklardan biri, endilikda, O'zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi va reklama mazmunining tarjimasi qo'shimcha ravishda boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.

– Amalda O'zbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko'ra boshqa tillarda tarqatilgan, – deydi Elmurod Haitmetov. – Bu boshqa tillarda beriladigan reklamalarda xorij so'zlarini tushunib-tushunmasdan noto'g'ri qo'llash, yozma e'lonlarni grammatik xatolar bilan berish, ko'pchilik tushunmaydigan ajnabiy tildagi reklamalarning ko'payib ketishiga olib keldi. Bunday so'zlarning o'zbek tilidagi izohi berilmagani bois, ayrimlar reklama mazmunidan gap nima haqida ketayotganini anglolmayotgan holatlar ham kuzatilmoqda. Oxirgi yillarda odamlarning ayni shu masaladagi e'tirozlari oshgan. Shu bois, yangi tahrirdagi qonunda yurtimizda reklamani davlat tilida tarqatish, boshqa tillardagi tarjimasini unga qo'shimcha qilish mumkinligi belgilandi.

Qonunchilik va huquqni qo'llash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda, reklamaga qo'yilgan talablar yanada kuchaytiriladi. Jumladan, darsliklar va daftarlarga reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada ko'rsatish, axloq va ma'naviyatning umum qabul qilingan me'yorlariga zid keluvchi shakl, ibora va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari to'g'risidagi ma'lumotlarni iste'molchidan yashirish taqiqlanmoqda.

Bugungi kunda dunyo reklama bozorida eng katta iste'molchi – bolalar hisoblanadi. Hatto, ularga mo'ljallangan telekanal va ko'rsatuvlarda reklama berish anchayin qimmat. Axir, endi rivojlanayotgan bola ongiga ta'sir o'tkazish, uni ishontirish oson-da. Shu bois, yangi tahrirdagi qonun voyaga etmaganlarni reklamadan, xususan, uning salbiy ta'siridan himoya qiluvchi va reklamada voyaga etmaganlar ishtirokini cheklovchi yangi normalar bilan to'ldirildi. Xususan, voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda ko'rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro'sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo'lgan ishonchiga putur etkazish, ular olishi yoki iste'mol qilishi taqiqlangan tovarlarni telekanallarda, voyaga yetmaganlar uchun mo'ljallangan teleko'rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanmoqda.

Qonunda shuningdek, dori vositalari reklamasiga ham qat'iy talablar o'z aksini topgan. Endilikda, taniqli shaxslar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko'rinishi shifokorlarga o'xshash kishilarning ishtirokidan foydalanishga yo'l qo'yilmaydi.

Hozirgi vaqtda reklama tarqatish vositalari ko'p. Shulardan eng samaralisi televideniye, deyish mumkin. Boisi, internetda reklama chiqib qolsa, uni o'tkazib yuborish qiyin emas. Televideniyeda esa buning imkoni yo'q. Yana ayni kutilgan ko'rsatuv, kontsert yoki filmni tomosha qilayotgan bo'lsang, boshqa kanalga olging ham kelmaydi.

Teleekranlarda reklamalarning ko'payib ketgani oxirgi vaqtlarda odamlarning ko'plab e'tirozlariga sabab bo'lyapti. Yangi qonunda shu jihatlarga ham e'tibor qaratilgan. Unda telekanallarda tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi ko'rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko'rsatuv vaqtining o'n besh foizidan oshishi mumkin emas, deyilmoqda. Davomiyligi o'n daqiqadan kam bo'lgan teleko'rsatuvlarni reklama bilan uzib qo'yish va reklama bilan birga namoyish etishga esa yo'l qo'yilmaydi.

Ana shunday chora-tadbirlarni qo'llash orqali reklama berish tizimini tartibga solish ko'zda tutilgan. Zero, reklama faqat daromad olish emas, balki odamlarga tovar va xizmatlar haqida axborot berishning to'g'ri hamda ishonchli manbaiga aylanishi lozim.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri