Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.

Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy qonuni senatorlar tomonidan maʼqullanib, 2021-yil dekabr oyida Prezident tomonidan imzolangan edi.

“Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritish haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni bilan 5 ta qonun va 1 ta Kodeksga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonuniga qoʻshimcha kiritilib, favqulodda holatning amal qilishi davrida favqulodda holat joriy etilgan hududda Prezidentning amaldagi qonunosti hujjatlarini toʻxtatib turishning huquqiy asosi yaratilmoqda.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holatni joriy etish toʻgʻrisidagi farmoniga asosan favqulodda holatning amal qilishi davrida favqulodda holat joriy etilgan hududda mahalliy davlat hokimiyati organlarining va fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining vakolatlarini toʻliq yoki qisman toʻxtatib turishni nazarda tutuvchi normalar bilan toʻldirilmoqda.

Senatorlar tomonidan maʼqullangan qonunning yana bir eʼtiborli jihati favqulodda holat joriy qilinganda Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki ayrim joylarida favqulodda holat amal qilish davrida saylovlar oʻtkazilishi cheklanmoqda.

Ushbu cheklovlar bilan bogʻliq normalar Oʻzbekiston Respublikasining “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi qonuni va Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga kiritilmoqda.