Hududlarda mazkur yo‘nalishdagi ishlarining tashkil etilishi, terimchilar uchun munosib mehnat hamda dam olish uchun yaratilgan sharoitlar  o‘rganildi.

O‘rganish davomida G‘uzor tumanida “Viat farm”, “Omon Abdimumin”, “Normo‘min Shaymardon o‘g‘li” fermer xo‘jaliklarida paxta terayotgan ayrim terimchilar joriy yilning 17 sentyabridan buyon paxta terimida qatnashayotgani, biroq shu kunga qadar (7-10 kundan buyon) terim pullarini olmaganligi aniqlandi. Ushbu masala ijobiy hal etildi.

Qolaversa, G‘uzor tumanidagi “Jaloliddin Jilosi” fermer xo‘jaligiga 26 nafar fuqaro paxtaga ishlov berish (chopiq) ishlarini amalga oshirgan. Ammo fermer xo‘jaligi tomonidan 3,6 mln.so‘m pul berilmayotgani yuzasidan qilingan murojaat ham ijobiy yechim topdi.

Bundan tashqari, o‘rganish davomida tibbiyot xodimlari tomonidan terimchilar salomatligini muntazam tekshirish, yetarli dori-darmon bilan ta’minlash masalalariga ham alohida ahamiyat qaratilgani ma’lum bo‘ldi.

Uchrashuvlarda terimchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, bu borada sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish zarurligi  ta’kidlanib, tegishli mutasaddilarga ko‘rsatmalar berildi.

Yana bir muhim jihat. Majburiy mehnatning oldini olish masalalariga urg‘u berilib, bu bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida paxta yig‘im-terimi jarayonida majburiy mehnatning oldini olish, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati