Mazkur hujjatlar bilan tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini boshqarish, mineral xomashyo bazasini ko‘paytirish va yer osti boyliklaridan samarali foydalanish masalalari tartibga solib kelinmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya yo‘nalishida aniqlanayotgan zaxiralar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar energetika, avtomobilsozlik, elektronika, “yashil energiya” qurilmalari, kimyo va qurilish sohalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, avtomobilsozlik va elektrotexnika sohalarini alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit, qurilish sohasini ohaktosh, kvars, kaolin va boshqa noruda xomashyosi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimiz geologiyasi ham ilm-fan hamda texnologiya jihatidan kuchaytirilgani natijasida qidiruv ishlarining qamrovi kengaydi, yer osti boyliklarining yangi zaxiralari aniqlandi. Ularga asoslanib, yirik korxonalar qurilmoqda, istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatida ham qator foydali qazilma konlari aniqlanib bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Surxondaryo viloyatida qanday konlar bor deganda ko‘pchilik ko‘mir konlari mavjudligini ta’kidlashadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimiz hududida qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxiralari mavjud. Xususan Surxondaryo viloyati hudularida aniqlangan ko‘mir konlari zahira miqdori 143,4 mln. tonnani tashkil qiladi. Shulardan Sharg‘un ko‘mir koni 33 mln. tonna, Boysun ko‘mir koni 20.3 mln.tonna, Ko‘hitang ko‘mir koni 20 mln. tonna, Nilu, Panama, Gurud, Fangart, Xaus, Aksu va boshqa uchastkalarda 70,1 mln. tonna ko‘mir zahirasi tashkil qiladi. Hozirgi kunga kelib “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati alohida o‘rin tutib kelmoqda.
Bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 40-50° issiqlik quvvatiga ega, temirni ham eritishga qodir bo‘lgan 5200 dan 8100 kkal/kg miqdori va sifati jihatidan o‘ta yuqori bo‘lgan ko‘mir mahsuloti qazib olinmoqda. Statistik ma’lumotlarga nazar solsak, “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 1958-yildan 2021-yilga qadar qazib olingan ko‘mir 9 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kungacha bo‘lgan tarixida eng yuqori ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari 2019-yilda 245 ming tonnani, 2020-yilda 264 ming tonnani, 2021-yilda 275 ming tonnani va 2022-yilda 282 ming tonnani tashkil etgan. Ishlab chiqarish hajmining yildan-yilga o‘sib borishi aholi farovonligini oshirishga va ko‘mir qazib olish tannarxini pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekison Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-yanvardagi PQ-2727-sonli “Aholining iqtisodiy farovonligini oshirish to‘g‘risida”gi qarori hamda “Loyihalashtirish quvvati 900 ming tonnani tashkil etuvchi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilishda investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq korxonada katta qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Barcha sexlar qayta rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etildi. Shunga muvofiq, “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini Modernizatsiya qilish bo‘yicha mazkur yirik investitsiya loyihasining buyurtmachisi sifatida Xitoyning “China Railway Tunnel Group Co., Ltd.” va “China Coal Technology & Engineering Group Corp.” kompaniyalari bilan o‘zaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 105,5 mln. AQSH dollarini tashkil etdi. Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga yuqori ish unumdorligiga ega zamonaviy uskunalarni joriy etgan holda korxonaning texnik va texnologik bazasini qayta yangilash hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shu bilan bir qatorda ko‘mir qazib olish hajmini yiliga 900 ming tonnagacha oshirish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Hozirgi kunda loyiha doirasida yer osti qurilish ishlari to‘liq yakunlangan. Tog‘-kon uskunalarining 90% olib kelingan. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning o‘z mablag‘lari hisobidan “Sharg‘unko‘mir” AJ dan 10-sonli kon lahimi sanoat maydonigacha 23 998 p.metr temir yo‘l izlari yotqizilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan keyin, yurtimizda yuqori sifatli ko‘mir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi.
Bugungi kunga kelib “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish ishlari joriy yilda yakunlandi. 2023 yil noyabr oyida ko‘mir qazib oluvchi kompleks to‘liq ishga tushirildi.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida ushbu ko‘mir qazib olish konidan boshqa konlari ham mavjud bo‘lib, ularda geologik qidiruv ishlari olib borilmoqda. Umuman olganda Surxondaryo viloyatida qariyb 250 mln. tonna ko‘mir zahirasi mavjudligi bashorat qilingan.
Viloyat hududida ko‘mirdan tashqari boshqa foydali qazilma boyliklari mavjud. Jumladan, Xondiza konida 17,6 ming tonna qo‘rg‘oshin, 25 ming tonna rux, 15 ming tonna kumush, Xojaikon konida 20 mln. tonna osh tuzi, To‘da konida 10 mln. tonna, Aktau konida 20 mln. tonna dolomit toshi, Sariqamish konida 800 ming tonna chig‘anoqli oxaktosh, Darband konida 10 mln. tonna gips foydali qazilmalari mavjud.
Hozirgi kunda qurilish materiallariga talab yanada oshganligi sababli Sherobod tumanida joylashgan “Bazalt” konida 3,4 mln.tonna hamda “Selestin” konida 2,4 mln. tonna xomashyo zahirasi mavjud.
Surxondaryo viloyati agrar sohaga ixtisoslashgan hudud sifatida belgilanib kelingan. Viloyatning yer usti va yer osti boyliklarini aniqlagan holda ularning qazib olish orqali sanoati rivojlangan hududga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
Respublikada mahalliy ishlab chiqarish, sanoat korxonalari, geologiya va konchilik tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, o‘quv jarayoniga o‘qitishning innovatsion shakl va metodlari hamda zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, hududlarda zamonaviy fikrlaydigan, raqobatbardosh mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni bosqichma-bosqich qondirib borish maqsadida tashkil etilgan, Termiz muhandislik-texnologiya institutida konchilik ishi, konchilik elektr mexanikasi, marksheyderlik ishi, neft va gaz ishi, geodeziya, kartografiya va kadastr, foydali qazilma konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishlarda ta’limning kunduzgi va sirtqi shakllarida bugungi kunda 1215 nafar talabalar tahsil olishmoqda.
Institut tuzilmasida Neft-gaz va konchilik ishi kafedrasi tashkil etilib, hozirgi kunda 15 nafar o‘qituvchilar faoliyat yuritib kelishmoqda. 2024 yilda mazkur yo‘nalishlarda ilk bor 178 nafar talabalar institutni tamomlaydi. Ushbu yo‘nalish talabalarining o‘quv jarayonini samarali tashkil etish maqsadida ishlab chiqarish korxonalaridan 4 nafar, Respublikamizning tayanch va yetakchi OTMlaridan
8 nafar, xorijdan 2 nafar malakali mutaxassislar jalb etildi.
Talabalarning o‘quv amaliyotlarini “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati, Termiz neft bazasi MCHJ, Dehqonobod kaliy zavodi AJ, Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish korxonasi, O‘zbekistonGTL kompaniyasi, Olmaliq hamda Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatlarining tegishli konlari, Angrenko‘mir koni, Darband dala-o‘quv poligoni va Sherobod sement zavodi MCHJlarida tashkil etish orqali fanlardan olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab kelinmoqda.
“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida, Termiz neft bazasi hamda Respublika aerogeodeziya markazi Surxondaryo hududlararo bo‘linmasida kafedra filiali tashkil etilib tegishli mutaxassislik fanlaridan amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Kafedra o‘qituvchilari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hududiy bo‘linmasi geologlari bilan birgalikda viloyat hududida joylashgan qazilma boyliklari joylashgan konlarning xaritasini tumanlar kesimida ishlab chiqishmoqda.
Kafedra o‘qituvchilari Respublikaning mazkur sohada kadrlar tayyorlab kelayotgan OTMlari, yirik korxona mutaxassislari rahbarligida hududdagi tog‘-kon va geologiya sohasidagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan mavzularda ilmiy izlanishlarini olib borishmoqda.
Surxondaryo viloyati hududida foydali qazilma boyliklarini aniqlash va ularni qazib olishni tashkil etish yuzasidan geologik izlanishlar davom etmoqda. Bu izlanishlar natijasida aniqlangan qazilma boyliklari konlarini ishga tushirish viloyatda sanoatni rivojlanishiga va yangi ish o‘rinlarining shakllanishiga o‘z hissasini qo‘shishi shubhasizdir.
O'ral Axmedov,
Termiz muhandislik–texnologiya instituti rektori.