O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarori ijrosi natijasida mahallalarda jinoyatchilikni qariyb 1,5 baravarga kamaytirishga erishilganini inobatga olgan holda, shuningdek, mazkur yo‘nalishda yaxlit ishlash tiziminijoriy etish hamda mas’ul rahbarlarning vazifalarini belgilash maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar va ustuvor vazifalar

1. Quyidagilar ushbu qarorning asosiy maqsadlari etib belgilansin:

a) ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishni ustuvor vazifa etib belgilagan holda mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli ta’minlash bo‘yicha manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish orqali jinoyatchilikni keskin kamaytirish;

b) oila-turmushmunosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asl omillarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish orqali ularning barvaqt oldini olish bo‘yicha yangi ishlash mexanizmlarini belgilash;

v) har qanday noqonuniy holatlar yuzasidan murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish tizimini yaratish, bu boradagi faoliyatni bevosita joylarda samarali yo‘lga qo‘yish orqali aholi roziligiga erishish.

2. Quyidagilar barcha mas’ul idoralar va muassasalar uchun mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha tashkiliy-profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish 

va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son qarori bilan belgilangan mexanizmlariga muvofiq ishlarni davom ettirish;

b) har bir mahallada kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etuvchi omillar bilan ishlashning mahallalar kesimida har choraklik manzilli chora-tadbirlarini belgilash hamda ularning mahalla – tuman – viloyat darajasida ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlarni biriktirish va zimmalariga aniq javobgarlikni yuklash;

v) mahalla hududida aholining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etish orqali oldini olish mumkin bo‘lgan har bir jinoyat bo‘yicha mahalliy hokimliklarning mas’uliyatini oshirish, ijtimoiy profilaktika sub’ektlari tomonidan amalga oshirilgan tadbirlar samaradorligi yuzasidan qat’iy so‘rov tizimini yo‘lga qo‘yish;

g) oila-turmush munosabatlari doirasida hamda ayollar va yoshlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarni “ilmiy xulosa – tavsiya –natija” tamoyili asosida joylarga chiqqan holda maqsadli ilmiy-amaliy o‘rganish orqali samarali tashkiliy-huquqiy choralarni belgilash;

d) mahallalardagi jamoat joylarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish yo‘nalishiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini, ijtimoiy profilaktikaga mas’ul idoralar va muassasalar tomonidan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi ustidan elektron nazorat tizimini keng joriy etish.

II. Tashkiliy-profilaktik chora-tadbirlar

3. Belgilansinki, mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish maqsadida 2026 yilda hududlar mas’ul rahbarlar va muassasalarga quyidagi tartibda nomma-nom biriktiriladi:

a) kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar – tuman (shahar) hokimlari, prokurorlari hamda ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga;

b) besh yildan buyon “qizil” toifada bo‘layotgan mahallalar – Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari,viloyat darajasidagi ichki ishlar organlari rahbarlarining va hokimlarning o‘rinbosarlariga;

v) uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan mahallalar – huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga;

g) kriminogen vaziyati eng og‘ir tuman va shaharlar – viloyatlar darajasidagi prokurorlarning va ichki ishlar organlari rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlariga;

d) ayollar jinoyatchiligi, spirtli ichimlik va giyohvandlikka ruju qo‘ygan shaxslar jinoyatchiligi hamda nizoli oilalar salmog‘i eng yuqori bo‘lgan mahallalar – tegishincha viloyatlar darajasidagi oila va xotin-qizlar, sog‘liqni saqlash hamda adliya boshqarmalari boshliqlariga.

4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) biriktirilgan mas’ul rahbarlar va muassasalar zimmasiga o‘z hududlarida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish namunasini yaratish, hududiy “yo‘l xaritalari” bilan belgilangan chora-tadbirlarning to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qat’iy shaxsiy javobgarlik yuklanadi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari har oyda bevosita o‘zlari kamida ikkita kriminogen vaziyati og‘ir va murakkab mahallalarga borgan holda yoshlarayollar va ishsizlarga nisbatan belgilangan ijtimoiy profilaktika tadbirlarini amalga oshirish holatini tanqidiy o‘rganadi hamda ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar ko‘radi;

v) har oy yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan mahallalarda sodir etilgan ijtimoiy-maishiy tusdagi jinoyatlarning sabablari

va ularni keltirib chiqargan omillarni tanqidiy muhokama qiladi va harakatsizlikka yo‘l qo‘ygan ijtimoiy profilaktikaga mas’ul tashkilotlar rahbarlariga nisbatan choralar ko‘radi;

g) ijtimoiy moslashtirish dasturi yakunlangandan so‘ng ijtimoiy profilaktika ob’ektlari tomonidan jinoyatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida ushbu shaxslarning turmush tarzi bir yil davomida monitoring qilib boriladi;

d) respublika mahallalarida ilovaga muvofiq tartibda mahalliy hokimliklar rahbarligida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi”ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

j) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tomonidan hududiy prokurorlar va ichki ishlar organlari rahbarlarining har chorakda kiritiladigan qo‘shma takliflariga asosan mahallada jinoyatchilikni jilovlash yo‘nalishida mas’ul davlat idoralarining kamida 15 nafar o‘rnak ko‘rsatgan rahbar va xodimlari mahalliy byudjet daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mehnatga haq to‘lash fondi (pul ta’minoti)ning bir baravari miqdorda pul mukofoti bilan rag‘batlantirib boriladi.

III. Tashkiliy-nazorat chora-tadbirlar

5. Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura huzurida tuzilgan Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda – Muvofiqlashtirish ishchi guruhi) o‘z faoliyatini belgilangan tartibda davom ettirsin.

6. Muvofiqlashtirish ishchi guruhi (B.Valiyev, A.Raxmatullayev):

a) 2026-2027 yillarda har chorakda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishning samarali tashkiliy-texnik tizimini shakllantirishga qaratilgan har bir hudud kesimida asosiy maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlab borsin hamda ularga erishish holati ustidan nazoratni ta’minlasin;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir hudud va kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar kesimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ–1-son qarori bilan тaсdиқлaнgaнmahalla – tuman – viloyat darajalaridagi manzilli chora-tadbirlarning namunaviy “yo‘l xaritalari” asosida har choraklik hududiy “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijroga qaratishni tashkil qilsin;

v) mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi borasidagi ishlarning natijadorligini, shu jumladan, joylarga bevosita chiqqan holda tizimli ravishda baholasin, shuningdek, hududiy “yo‘l xaritalari”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning izchil, sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirilishini doimiy ravishda qat’iy nazorat (shu jumladan, elektron nazorat platformasi orqali) qilib borsin;

g) har oyda kamida ikkita viloyat kesimida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning holati va natijadorligi bo‘yicha barcha mas’ul idora va muassasalar bilan tanqidiy muhokamalar o‘tkazilishini hamda ushbu masalaga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan ta’sir choralari ko‘rib borilishini yo‘lga qo‘ysin;

d) mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish ishlariga munosib hissa qo‘shgan mas’ul rahbarlar va xodimlarni har yili Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan davlat mukofotlariga tavsiya qilib borsin.

7. Belgilansinki:

a) mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijadorligi har oy yakunida – viloyat prokurorlari va ichki ishlar organlari boshliqlari huzurida, har chorak yakunida ichki ishlar vaziri va Bosh prokuror huzurida tegishli viloyat va respublika rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga tahliliy axborot hamda mas’ullarni rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash bo‘yicha takliflar kiritib boriladi;

b) mazkur qarorga muvofiq hududlarga biriktirilgan mas’ul rahbarlar va muassasalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar holati ustidan nazorat qilish, shu jumladan, joylarga bevosita chiqqan holda ularning natijadorligini baholab borish Muvofiqlashtirish ishchi guruhi va uning hududiy shtablari tomonidan ta’minlanadi.

IV. Qonun ustuvorligini ta’minlash choralari 

8. Quyidagilarga:

a) Bosh prokurorning va ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosarlariga – jinoyatlarni hisobdan yashirish, respublika miqyosida kundalik hisobotlarga soxta ma’lumotlarni kiritish holatlariga tubdan barham berishga qaratilgan qat’iy nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokurorlari va ichki ishlar organlari rahbarlariga – jinoyat ishini qo‘zg‘atishni asossiz rad etish, jinoyatlarni hisobdan yashirish va qasddan noto‘g‘ri malakalash holatlarining oldini olishga qaratilgan tizimli nazoratni ta’minlash bo‘yicha;

v) tuman (shahar) prokurorlari va ichki ishlar organlari rahbarlariga – aholining huquqbuzarlik haqidagi har qanday murojaatlarini so‘zsiz ro‘yxatga olish, ko‘rib chiqish natijasida qabul qilingan qarorlarning qonuniyligini o‘rganish hamda barcha jinoiy holatlar yuzasidan belgilangan tadbirlar o‘z vaqtida, qonuniy va to‘laqonli amalga oshirilishini tashkil etish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatilsin hamda bu borada qat’iy choralar ko‘rilishi to‘g‘risida ogohlantirilsin.

9. Ichki ishlar vazirligi (A.Tashpulatov):

a) 2026 yil yakuniga qadar fuqarolarning huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi og‘zaki murojaatlarini soha va hududidan qat’i nazar, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat planshetlari orqali real vaqt rejimida yagona tartibda qabul qilish hamda tegishliligi bo‘yicha tezkorlik bilan munosabat bildirish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin;

b) 2026 yil 1 noyabrga qadar fuqarolar tomonidan mahalla profilaktika inspektorlari bilan onlayn muloqot qilish, foto, audio, video va tashvish xabarlarini yuborish, shuningdek, ularning faoliyatiga baho berish imkoniyatini beruvchi “Mening inspektorim” mobil ilovasini ishlab chiqish va ommalashtirish choralarini ko‘rsin;

v) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026 yil 1 mayga qadar oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish maqsadida nizoli oilalar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va monitoring qilish imkonini beradigan “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimining “E-nizoli oila” modulini joriy etish va modulni sudlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilish choralarini ko‘rsin;

g) 2026 yil 1 iyulga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi PQ–1-son qarori bilan belgilangan tartibda tahlillardan kelib chiqqan holda boshqa hududlarning kriminogen vaziyat og‘ir va murakkab mahallalarida ham mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bunda jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha tezkor harakatlanish tizimini joriy etish choralarini ko‘rsin.

V. Qaror ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat

10. Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshlig‘i D.B.Kadirov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

     Prezidenti                                                             Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri, 

2026-yil 5-yanvar