Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, bu borada sportni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Millionlar oʻyini boʻlgan va mamlakatimizda ham sevib oʻynaladigan futbolga aholi, ayniqsa, yoshlarni keng jalb etish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Mamlakatimizda yuksak iqtidorga ega yosh futbolchilarni tanlash, saralab olish va futbol infratuzilmasini yanada mustahkamlash, futbolga ixtisoslashgan sport maktablarining faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, soha mutaxassislarini tayyorlash, qolaversa oʻtkazilayotgan sport musobaqalari saviyasini yaxshilash bugungi kunda dolzarb vazifaga aylangan.

Shu maqsadda davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-dekabrdagi “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda 2021-yil 5-noyabrdagi “Sport taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish orqali olimpiya va paralimpiya sport turlari boʻyicha sportchilar zaxirasini shakllantirish sifatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinganki, bu hujjatlar soha rivojida yangi davrni boshlab beradi.

Kecha Respublika olimpiya zaxiralari kollejida bolalar-oʻsmirlar futbolini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan mazkur kollej hamda “Odil Junior” futbol akademiyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi hamda ushbu akademiyaga xorijdan jalb qilingan futbol mutaxassisini tanishtiruv marosimi tashkil etildi.

Unda doimiy ravishda oʻzbek futboliga Mixail An, Ravshan Ermatov, Ignatiy Nesterov, Server Jeparov, Odil Ahmedov kabi mahoratli futbolchilarni tarbiyalab berayotgan ushbu sport maskanida “Odil Junior” futbol akademiyasining yosh futbolchilari ishtirok etishdi. Ularga shu yerda xorijdan kelgan futbol mutaxassisi tanishtirildi. Tadbirda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, “Odil Junior” futbol maktabi asoschisi Odil Ahmedov ham ishtirok etdi.

– Ushbu qilinayotgan ishlarimiz zamirida futbolimiz ertasi uchun yangi yulduzlar yetishtirib berish, barcha oʻsib kelayotgan, iqtidorli va salohiyatli yoshlarni birlashtirish, ularni bitta maqsad sari, yaʼni oʻzbek futboli shaʼnini yuqorilarga koʻtarish yoʻlida birlashtirish yotibdi, – dedi O.Ahmedov.

Tadbirning ikkinchi qismida Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hamda “Odil Junior” futbol akademiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum mamlakatimizda bolalar va oʻsmirlar futbolini ommalashtirish va rivojlantirishga xizmat qiladi.