Respublikada boʻlishi nomaqbul deb topilgan shaxslarning roʻyxati shakllantiriladi

    Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ-998-son, 15.11.2024-y.) bilan «Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida«gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Qonun bilan Oʻzbekiston xalqining shaʼnini, qadr-qimmatini, tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlarni yoki harakatlarni sodir etgan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning «Oʻzbekiston Respublikasida boʻlishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar roʻyxati«ga kiritilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

    Chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni Roʻyxatga kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining, Senati Kengashining, maxsus vakolatli davlat organlarining taqdimiga asosan amalga oshiriladi.

    Roʻyxatga kiritilgan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
    Roʻyxatga kiritilgan shaxs xabarnoma olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketishi kerak.

    Agar Roʻyxatga kiritilgan, nomaqbul deb topilgan shaxs koʻrsatilgan muddat ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketmasa, mazkur shaxs deportatsiya qilinadi.