Respublikamizda «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» tadbirlariga start berildi

    Bugun poytaxtimizda Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kuni va «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar» tadbirlari doirasida davra suhbati o‘tkazildi.

    Tadbirda Senat a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

    Mazkur tadbirlarni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mavjud muammolarni tahlil qilish, bu borada keng jamoatchilik vakillari, mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar va boshqa shu sohaga aloqador mutaxassislar fikrlarini o‘rganish, davlat tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilash, inson huquqlarini taʼminlash yo‘lida barchani birlashtirishdan iboratdir.

    Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli «Inson qadri uchun» tamoyili asosida zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Tadbirda so‘zga chiqqan T.Narbaeva tomonidan mamlakatimizda qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar va bugungi natijalar bu borada qilinishi zarur bo‘lgan ishlarga dastlabki qadam ekanligi, chunki hali yechilmagan muammolar borligi alohida ta'kidlandi.

    Davra suhbatida ishtirokchilar gender zo‘ravonlikning ijtimoiy oqibatlari, uning oldini olishga qaratilgan milliy va xalqaro tajribalar hamda qonunchilik doirasidagi erishilgan natijalar va istiqbollarni atroflicha muhokama qildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.