Ushbu tadbirlarni amalga oshirish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga oid 4 qonun, Prezidentimizning 2 farmoni va 7 qarori, Vazirlar Mahkamasining 7 qarori hamda 10 dan ziyod idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu bilan profilaktika xizmatining huquqiy bazasi mustahkamlandi.
Mahallalardagi aholi muammolarini shu joyning oʻzida hal etish, ularga yana-da yaqinlashish maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatlarining hududiy boʻlinmalarga mahalliy byudjet hisobidan qoʻshimcha 459 ta profilaktika (katta) inspektori lavozimlari joriy etildi hamda huquq-tartibot ishlarini samarali tashkil etish va ularning qamrovini kengaytirish maqsadida ichki ishlar organlari tarkibiga qoʻshimcha 2 ming 570 ta profilaktika (katta) inspektori shtat birliklari ajratildi. Aholining barcha qatlami bilan manzilli ish olib borish maqsadida murojaatlar bilan ishlash boʻyicha 256 ta inspektor, xotin-qizlar masalalari boʻyicha 364 ta katta inspektor lavozimi joriy etildi.
Olib borilgan keng koʻlamli tadbirlar natijasida, joriy yilning oʻtgan davrida respublikamizdagi jami 9145 ta mahalladan 66 foizida, yaʼni 6061 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Albatta, bu raqamlar bilan xotirjamlikka berilishimizga aslo haqqimiz yoʻq. Chunki har bir sodir etilgan jinoyatning ortida inson taqdiri turibdi.
Eng quyi boʻgʻin hisoblangan mahallada xavfsiz muhit yaratish boʻyicha Prezidentimizning bevosita tashabbusi bilan ishlash uslubi tubdan oʻzgardi. “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati qayta koʻrib chiqildi va har bir mahallada profilaktika inspektori lavozimi joriy etildi. Shuningdek, profilaktika inspektoriga fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari vazifasini bajarish ham yuklatildi va mahalla raisi bilan kamida 5 yil mobaynida birga ishlashi belgilab qoʻyildi.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV
Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi
Axborot guruhi