Bugun respublikaning shimoliy hududlariga Kavkaz hududlaridan antitsiklon kirib kelishi kutilmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda yomgʻir va qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi, shuningdek ayrim togʻli hududlarda biroz yogʻingarchilik boʻlishi mumkin. Front oʻtishida respublika boʻyicha baʼzi joylarda shamol 17-22 m/s gacha kuchayadi.

Oʻzbekistonning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi, kunduzi havo harorati 2-7 daraja iliq boʻladi.

Ertaga antitsiklon respublikaning barcha hududlarini qamrab oladi, Oʻzbekiston boʻyicha yogʻingarchilik, togʻ oldi va togʻli hududlarda baʼzi joylarda kuchli boʻladi. Surxondaryo viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi. 17-22 m/s gacha kuchaygan shamol baʼzi joylarda hali ham esadi, Navoiy, Jizzax viloyatlarining ayrim joylarida esa 25-30 m/s gacha kuchayishi mumkin. Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq, kunduzi 0-5 daraja iliq boʻladi.

4-yanvarda antitsiklon chekina boshlaydi. Respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat kechasi va ertalab Oʻzbekistonning markaziy va sharqiy hududlarida yogʻingarchilik boʻlishi saqlanib turadi.

Havo harorati kechasi 2 daraja sovuq-3 daraja iliq, kunduzi 3-8 daraja iliq boʻladi.

5-yanvarda respublika boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi. Kunduzi havo harorati 7-12 daraja iliqgacha, mamlakatimizning janubida 15 daraja iliqgacha koʻtariladi, kechalari 3 daraja sovuq-2 daraja iliq boʻladi.

Haftaning oxiriga kelib, mamlakatimizga Turkmaniston hududlaridan nam va nisbatan iliq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. 6-yanvarda respublika hududi boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. Havo harorati kechalari 4-7 daraja iliqgacha koʻtariladi, kunduz kunlari 5-10 daraja iliq atrofida boʻladi.

Ushbu kunlarda kechasi va ertalab respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushadi.

2-4-yanvarda rsepublikaning togʻli hududlarida qor koʻchishi xavfi bor.