U iqtisodiyotning ichki quvvati qay darajada ishga solingani, imkoniyatlar qay darajada samaraga aylanganini koʻrsatadi. Agar ushbu jarayon chuqur tahlil va aniq ustuvor yoʻnalishlar bilan qoʻllab-quvvatlanmasa, koʻrsatkichlar oʻsishi mumkin, ammo mazmun jihatidan sezilarli oʻzgarish kuzatilmaydi.

Ana shunday sharoitda har bir hudud tabiiy, iqtisodiy va inson resurslariga tayanadigan mus­taqil qiymat yaratadigan makon sifatida namoyon boʻladi. Har bir tarmoq esa samaradorlik va innova­siya asosida iqtisodiy faollikni taʼminlaydigan muhim boʻgʻinga aylanadi. Yuqori iqtisodiy oʻsish aynan shu ikki omil — hududiy imkoniyat va tarmoq salohiyati uygʻunlashganida barqaror tus oladi. Aks holda, oʻsish nomutanosiblikka olib kelishi, salo­hiyat esa toʻliq ishga solinmay qolishi mumkin.

13-fevral kuni davlatimiz rahbari raisli­gida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻili­shi boʻlib oʻtdi.

Bugungi dunyoda iqtisodiy oʻsish oddiy jarayon emas. Global iqtisodiyot uzluksiz oʻzgarish holati­da: savdo yoʻllari qayta shakllanmoqda, yirik dav­latlar oʻrtasidagi geosiyosiy raqobat bozorlarga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Koʻplab rivojlangan mamlakatlarda oʻsish surʼatlari sekinlashgan, ay­rimlarida inflyatsiya va byudjet taqchilligi muam­mosi saqlanib qolmoqda. Bunday sharoitda barqa­ror oʻsishni taʼminlash iqtisodiy faollik emas, balki strategik muvozanatni saqlash xususiyatidir.

Qayd etilgan 7,7 foiz oʻsish va 147 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulot yillik hisobot emas. Bu iqtisodiyot qay yoʻnalishda harakatla­nayotganini anglatuvchi signaldir. Agar iqtiso­diyot faqat tashqi omil hisobiga oʻssa, u beqaror boʻladi. Agar oʻsish ichki imkoniyatlar, samarador­lik va tarkibiy oʻzgarishlarga tayansa, u mustahkam boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, oʻsishning yarmidan koʻpi xizmatlar sohasi hisobiga taʼminlangani iqtisodiyot tarkibida sifat jihatidan siljish kechayotganini koʻrsatadi. Bu resursga tayangan mo­deldan bilim va servisga asoslangan modelga oʻtish jarayonidir.

147 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulot esa mamlakat iqtisodiy qudratining hajmiy ifodasi. Lekin hajm har doim barqarorlik degani emas. Agar sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar soha­si oʻrtasida nisbat saqlansa, shu bilan birga, ichki talab va investitsiyalar oʻrtasida uygʻunlik boʻlsa, iqtisodiyotning tashqi taʼsirlarga nisbatan chi­damliligi oshadi. Demak, bu raqam ortida faqat ishlab chiqarish hajmi emas, balki iqtisodiy ar­xitektura turadi.

Yigʻilishda bildirilgan fikrlardan ang­lashiladiki, masala faqat makroiqtisodiy koʻrsatkichlarda emas. Endi eʼtibor markazi­da boshqaruv sifati turibdi. Har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari sohasiga yangicha yon­dashuv olib kirishi, resurslardan samarali foydalanishi, anʼanaviy eksport bozorlari­ga bogʻlanib qolmay, yangi yoʻnalishlar ochishi kerakligi alohida taʼkidlandi. Bu talab tasodifiy emas. Chunki zamonaviy iqtiso­diyotda resurs yetarli boʻlishi muvaffaqiyat­ni kafolatlamaydi. Muhimi — resursdan qanday foydalanish. Boshqaruv eski uslubda qolsa, hatto katta investitsiya ham kutilgan samarani bermaydi. Aksincha, toʻgʻri tashkil etilgan tizim kam imkoniyat bilan yuqori na­tija bera oladi.

Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻ­yicha mutaxassislarni jalb qilish, inno­vatsiyalar kiritish, startap klublar orqali yoshlarni iqtisodiy jarayonlarga qoʻshish va­zifasi qoʻyilishi iqtisodiyotni kelajakka moslashtirish harakatidir. Chunki global raqobat endi arzon xomashyo yoki arzon ishchi kuchi orqali emas, balki bilim va texnolo­giya orqali kechmoqda. Agar iqtisodiyot inno­vatsiyani qabul qilmasa, u tashqi bozorlarda pozitsiyasini yoʻqota boshlaydi.

Strategik korxonalar samaradorligi alohida muhokama qilingani bejiz emas. Yirik korxonalar iqtisodiyot ustunidir. Agar ularda xarajatlar ortiqcha, logistika samarasiz, xarid tizimi shaffof boʻlmasa, bu butun iqtisodiy zanjirga taʼsir qiladi.

Milliy investitsiya jamgʻarmasini boshqa­rishga jalb etilgan “Franklin Templeton” kom­paniyasi tahlillarida korporativ madaniyat, logistika, raqamlashtirish va energiya sama­radorligi boʻyicha katta zaxiralar mavjudli­gi qayd etilgani shuni koʻrsatadiki, muammo resurs yetishmasligida emas, tizim samarador­ligida. 19 ta strategik korxonaga tannarxni 10-15 foiz qisqartirish vazifasi qoʻyilgani esa jiddiy signal. Bu raqamlar oddiy koʻrsat­kich emas, raqobatbardoshlik masalasidir.

Muhim jihat shundaki, iqtisod qilish ishlab chiqarishni qisqartirish orqali emas, balki tannarxni kamaytirish orqali taʼ­minlanishi shartligi taʼkidlandi. Bu prin­sipial yondashuv. Chunki ishlab chiqarishni qisqartirish qisqa muddatli oson yechim boʻ­lishi mumkin, ammo u oʻsishni sekinlashti­radi. Tannarxni tushirish samaradorlikni oshirishni talab qiladi. Bu esa tizimni is­loh qilish demak.

Strategik korxonalarni “Yagona gʻaznachi­lik” axborot tizimiga ulash va xaridlarni risk-tahlil asosida toifalash tashabbusi ham moliyaviy intizomni kuchaytirishga qa­ratilgan. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda har bir ortiqcha xarajat yoʻqotilgan imkoniyat­dir.

Hududiy sanoat masalasida bildirilgan tanqidlar esa yana bir muhim nuqtani ochib beradi. Respublika sanoati uch yilda 21 foiz oʻsgan boʻlsa-da, ayrim tumanlarda oʻsish 10 foizga ham yetmagan. Bu nomutanosiblik ti­zimdagi ichki farqlarni koʻrsatadi. Kredit va investitsiyalar oʻsishi sanoat oʻsishiga toʻliq taʼsir koʻrsatmayotgani mablagʻning oʻzi yetarli emasligini anglatadi. Muhimi, uning yoʻnaltirilishi va nazorati.

Respublika sanoatini kamida 8,5 foiz oshirish boʻyicha tarmoqbay va hududbay reja­lar tasdiqlanishi, birinchi chorak yakunlari­ga qarab rahbarlar faoliyatiga baho berili­shi natija uchun javobgarlik mexanizmini kuchaytirishdir. Iqtisodiyotda intizom boʻl­masa, strategiya ishlamaydi.

Bu choralar iqtisodiy oʻsish endilikda faqat hajm emas, boshqaruv sifati masala­siga aylanmoqda. Agar boshqaruv yangilansa, tizim shaffof va samarali boʻlsa, mavjud resursning oʻziyoq yuqori oʻsish uchun yetarli boʻlishi mumkin.

2026-yil uchun 6,6 foizli ehtiyotkor prog­noz belgilash ham real vaziyatni hisobga olgan yondashuv. Bugungi noaniq geosiyosiy muhitda haddan tashqari optimistik rejalar xavfli boʻlishi mumkin. Iqtisodiyotda eng nozik chiziq oʻsish va barqarorlik oʻrtasidagi muvozanatdir. Tezlik ortishi mumkin, ammo muvozanat yoʻqolsa, tizim izdan chiqadi.

Qiymat uchun kurash

Yigʻilishda avtomobilsozlik sohasi alo­hida tilga olindi. Yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quv­vatiga ega 4 ta yirik korxona mavjud. Bu yil ishlab chiqarishni 510 mingtaga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, 300 dan ziyod mahalliy korxona bilan kooperatsiya aso­sida yana 763 ta detalni mahalliy ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Bu raqamlar shunchaki sanoat sta­tistikasi emas. Avtomobilsozlik — koʻp tarmoqli zanjir. U metallur­giya, kimyo, elektronika, logistika va xizmatlar sohasini birlashtiradi. Demak, bu yerda gap faqat avtomo­bil soni emas, balki butun sanoat ekotizimi haqida bormoqda. Agar detallar mahalliylashsa, qoʻshilgan qiymat mamlakat ichida qoladi. Agar kooperatsiya chuqurlashsa, kichik va oʻrta biznes sanoat zanjiriga bogʻlanadi. Shu nuqtayi nazardan, 763 ta yangi detal bu — importni qisqartirish emas, iqtiso­diy mustaqillikni mustahkamlash qadami.

Aholi talabini ragʻbatlantirish uchun avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi. Bu yerda nozik muvozanat bor. Talabni sunʼiy ragʻbatlantirish qisqa muddatda ishlab chi­qarishni oshirishi mumkin. Lekin moliyaviy barqarorlikni hisobga olmasdan qilingan qadam inflyatsiya yoki qarz yuki ortishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun kredit siyosati real daromadlar dinamikasi va bozor imkoniyatlari bilan uygʻun boʻlishi shart. Iqtisodiyotda talab va taklif muvoza­nati buzilsa, oʻsish barqaror boʻlmaydi.

Yigʻilishda investitsiya siyosatini tubdan qayta koʻrib chiqish masalasi oʻrtaga tashlan­di. Joriy yil 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejasi belgilab qoʻyildi. Lekin bu yerda eng muhim jihat miqdor emas, sifat. Yangi loyihalar, bi­rinchi navbatda, yuqori qoʻshilgan qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishi, re­surslardan samarali foydalanishi va yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratishi kerakligi taʼkidlandi.

Bu yondashuv investitsiyaga qarash oʻzgarayot­ganini koʻrsatadi. Ilgari investitsiya haj­mi asosiy koʻrsatkich boʻlgan, endi esa uning iqtisodiyotga qancha qiymat qoʻshayotgani hal qiluvchi mezonga aylanmoqda. Chunki past qoʻshilgan qiymatli loyihalar koʻp ish oʻrni yaratishi mumkin, ammo uzoq muddatda raqo­batbardoshlikni taʼminlamaydi.

Vazirlar va hokimlardan har bir loyi­haning bozori, eksporti, qoʻshilgan qiymati va yaratadigan ish oʻrinlari boʻyicha chuqur tahlil talab qilinishi ham shu nuqtai na­zardan muhim. Investitsiya qurilishni bosh­lash emas, balki mahsulotni bozorga olib chiqishdir. Loyiha ishga tushdi degani, u iqtisodiyot uchun qiymat yaratdi degani emas. Qiymat mahsulot sotilganda, eksport qilin­ganda va daromad keltirganda yuzaga chiqadi.

Shu maqsadda “Yagona milliy loyiha bosh­qaruvi” platformasini joriy etish rejasi bildirildi. Loyihani ishga tushgandan ke­yin uch yil davomida monitoring qilish mexa­nizmi masʼuliyatni chuqurlashtirishdir. Chun­ki koʻp hollarda muammo loyihani boshlashda emas, uning barqaror ishlashini taʼminlash­da yuzaga chiqadi. Nazorat tizimi boʻlmasa, in­vestitsiya raqamda qolib ketishi mumkin.

Oʻtgan yili 55 ta yirik loyiha tashkiliy muammolar sabab kechikkani qayd etildi. Bu raqam tizimdagi boshqaruv nuqsonlarini koʻrsatadi. 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyihani alohida nazoratga olish rejasi esa shundan xulosa chiqarilganini anglatadi. Chunki katta investitsiya — katta masʼuliyat.

Umuman olganda, bu koʻrsatmalar bir narsani anglatadi: iqtisodiy siyosat endi “koʻproq jalb qilish” emas, “toʻgʻri yoʻnalti­rish” bosqichiga oʻtmoqda. Sanoat va inves­titsiya masalasida asosiy kurash hajm uchun emas, qoʻshilgan qiymat uchun kechadi. Qiymat mamlakat ichida yaratilsa va tashqi bozorga chiqsa, oʻsish barqaror boʻladi. Agar u faqat raqamda qolsa, samara vaqtinchalik boʻlib qoladi.

Kelishuvlar geografiyasi va ichki iqtisodiy intizom

Yigʻilishda xorijiy tashriflar doira­sida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgani maʼlum qilindi. Joriy yilning oʻzida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bi­lan 1 milliard 428 million dollarlik inves­titsiya bitimlari imzolangani qayd etildi.

Tashqi sheriklar geografiyasi kengayishi iqtisodiy diversifikatsiya belgisi. Bu bir yoki ikki bozorga bogʻlanib qolmaslik, xavf­larni taqsimlash imkonini beradi. Lekin tashqi kapital oqimi ichki muhitga moslash­masa, u kutilgan samarani bermaydi. Inves­titsiyani jalb qilishdan koʻra, uni oʻzlashti­rish qiyinroq. Chunki bu yerda yer ajratishdan tortib, infratuzilma, kadrlar tayyorlash va moliyaviy shaffoflikkacha boʻlgan zanjir ishlashi shart.

Investitsiya koʻpayishi hisobiga qurilish hajmini 400 trillion soʻmga yetkazish va sohada kamida 17 foiz oʻsishni taʼminlash vazifasi qoʻyilgani ham shu jarayonning man­tiqiy davomidir. Qurilish — iqtisodiyotda multiplikativ taʼsirga ega tarmoq. U se­mentdan tortib, metallurgiya, elektrotex­nika va transport xizmatlarigacha boʻlgan sohalarni harakatga keltiradi. Shu maʼno­da, byudjetdan ijtimoiy va ishlab chiqa­rish infratuzilmasi uchun ajratilayotgan 40 trillion soʻm faqat xarajat emas, balki ichki bozorni ragʻbatlantiruvchi omil.

Biroq qurilish hajmini oshirishning oʻzi yetarli emas. Sifat, shaffoflik va sama­radorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu nuq­tai nazardan, hududlardagi “Yagona buyurt­machi xizmati” injiniring kompaniyalari nazoratini kuchaytirish, ayrim hududlarda xususiy sektorni jalb qilish tashabbusi raqobat va javobgarlik muhitini kengayti­rishga qaratilgan. Davlat buyurtmasi katta bozor, lekin u samarali boshqarilmasa, re­surs isrofiga aylanishi mumkin.

Energiya tejamkorligi va mahalliy mahsulot siyosati

Energiya samaradorligi boʻyicha berilgan koʻrsatmalar esa iqtisodiy sifatni oshi­rishga qaratilgan strategik yoʻnalishdir. Kichik va oʻrta korxonalarning energiya is­teʼmoli katta ulushni tashkil etishi hisob­ga olinib, ular uchun alohida tizim joriy etish va uch yillik dastur ishlab chiqish bel­gilangani muhim qadam. 2026-yilda 100 mil­lion kub metr gaz va 500 million kilovatt- soat elektrni tejash rejasi oddiy iqtisod emas. Boisi, energiya tejash — ishlab chiqa­rishni qisqartirish emas, balki samarador­likni oshirish. Agar korxona kamroq energiya sarflab, xuddi shu hajmda yoki undan koʻproq mahsulot ishlab chiqara olsa, uning tannarxi pasayadi, raqobatbardoshligi ortadi. Demak, energiya siyosati sanoat siyosati bilan uzviy bogʻliq.

Umuman olganda, bu qarorlar bir jihatni koʻrsatadi: iqtisodiy oʻsish endilikda faqat hajm ortishi bilan emas, resurslardan oqi­lona foydalanish bilan baholanmoqda. Tash­qi kelishuvlar geografiyani kengaytirsa, ichki intizom barqarorlikni taʼminlaydi. Iqtisodiyotning mustahkamligi aynan shu ikki omil — tashqi ochiqlik va ichki samara­dorlik oʻrtasidagi muvozanatga bogʻliq.

Respublikamizdagi 917 mingta yoritish chirogʻining yiliga 330 million kilovatt- soat elektr sarflayotgani, kunduz kuni ham yoniq qolish holatlari uchrayotgani qayd etil­di. Bu raqamlar faqat statistika emas, u iq­tisodiy energiyaning samarasiz sarflanishi va texnologiyalarning qoʻllanishini koʻrsata­di. Energiya iqtisodiyotida har bir kilovatt hisoblanadi, chunki u isteʼmolchilardan to strategik korxonalargacha har bir sohada xa­rajatlarni belgilaydi.

Masʼul tashkilotlarga yoritish ustunla­riga kichik quyosh paneli, batareya va kun yori­shishiga qarab oʻzi oʻchib-yonadigan datchik oʻr­natish topshirildi. Bu qarash oddiy “tejash” chorasi emas, balki iqtisodiyotda texnologik transformatsiyaning namunasi: har bir re­sursdan oqilona foydalanish, samarador­lik va barqarorlikka intilish. Shuningdek, bunday yangicha yondashuv shahar muhitida ham ijtimoiy va ekologik samarani oshiradi, chunki energiya tejash faqat iqtisodiy koʻr­satkich emas, ekologik masʼuliyatning belgi­si hamdir.

Mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish masalasi alohida muhokama qilindi. Qayd etilganidek, davlat xaridlarining umumiy hajmi 300 trillion soʻm boʻlib, unda ma­halliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan. Tadbirkorlar tomonidan esa byurokratiya va eski qarashlar — “chet elniki sifatliroq” fikri hanuz saqlanishi aytib oʻtildi. Bu esa ichki bozorda samarador raqobatni cheklaydi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlan­tirishga toʻsiq boʻladi.

Yigʻilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarga topshiriq berildi: har bir loyiha, tender, qurilish va xomashyo taʼmi­noti bosqichlarida mahalliy mahsulot ulu­shini oshirish uchun shaxsan javobgarlik olish. Bu yondashuv shunchaki koʻrsatkichlarga erishish emas, balki davlat xaridlarini iq­tisodiy va strategik instrument sifatida samarali qoʻllash demakdir.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, energiya samaradorligi va mahalliy mahsulot siyo­sati — iqtisodiy barqarorlikning ikki tomoni. Biri resurslarni tejaydi, ikkin­chisi ichki bozorni mustahkamlaydi. Agar bu ikki mexanizm uygʻunlashsa, iqtisodiy oʻsish faqat hajmda emas, sifatida ham na­moyon boʻladi.

Iqtisodiy oʻsishni tashqi bozorlar hiso­biga taʼminlash masalasi alohida yoʻnalish sifatida koʻrildi. Davlatimiz rahbari taʼ­kidlaganidek, “ichki bozordagi talabning oʻzi bilan yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼ­minlab boʻlmaydi”. Chunki ichki talab bir nuqtada cheklanadi, undan ortiq esa strate­gik oʻsishni taʼminlamaydi. Shu bois, yangi mahsulotlar va yangi bozorlar — iqtisodiy rivojlanishning hal qiluvchi drayveri hi­soblanadi.

Oʻtgan yili eksport 22 foiz oʻsib, 24 mil­liard dollarga yetgan boʻlsa-da, koʻp rahbarlar eski ish uslubidan voz kecha olmayotgani mi­sollar bilan koʻrsatildi. Bu iqtisodiy taj­ribaning ikki tomonini ochib beradi: bir tomondan, koʻrsatkichlar oʻsishi samarali; ikkinchi tomondan, yangi texnologiya va bozor strategiyalari qoʻllanilmasa, yuqori oʻsish barqaror boʻlmaydi. Shu nuqtayi nazardan, endilikda eksport talabi faqat hajm emas, yangi mahsulot va yangi bozorlarga ham bogʻ­langan. Bu iqtisodiyotda sifat va hajmning uygʻunligi, barqaror oʻsishning shartidir.

Ichki bozorni barqarorlashtirish alo­hida muhim vazifa. Yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etgani, uning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hiso­biga, ayniqsa, 13 foizi goʻsht narxi orqa­li shakllangani qayd etildi. Bu raqamlar inflyatsiya ham iqtisodiy siyosatga bogʻliq jarayon ekanini koʻrsatadi. Shu bois, tar­moq bozorlari hamda mehnat unumdorligi markaziga ichki va tashqi xatarlarni ol­dindan aniqlash, tuman va shahar bozorla­rini har hafta tahlil qilish, talab prog­nozini shakllantirish, har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tash­qi bozorlarni kengaytirish va ichki narx barqarorligini taʼminlash iqtisodiy oʻsishning bir-biriga bogʻliq ikki ustuni­dir. Agar eksportda yangi strategiyalar yoʻl­ga qoʻyilsa va ichki bozorda tartib saqlansa, iqtisodiy rivojlanish barqaror boʻladi.

Narx barqarorligi va daromad

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasi alohida eʼtiborga olindi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ichki narx bar­qarorligi va aholi daromadlarini taʼ­minlashda qishloq xoʻjaligi strategik ahamiyatga ega. Narxlarning keskin koʻta­rilishi iqtisodiy koʻrsatkichlarga taʼsir qilib, ijtimoiy barqarorlik va aholi ishonchini ham sinaydi.

Goʻshtda importga qaramlikni qisqar­tirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash masalasi alohida tilga olindi. Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga ki­ritilib, makkajoʻxori ekish boshlangani na­muna sifatida keltirildi. Joriy yilda esa qoʻshimcha 60 ming gektarda shu ishlar tashkil etilishi lozimligi koʻrsatildi. Bu orqali qoʻshimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi yaratiladi.

Bu jarayon faqat ekin maydonini kengay­tirish emas, balki iqtisodiy barqarorlik poydevorini mustahkamlashga qaratilgan harakatdir. Qishloq xoʻjaligi sohasida har bir gektar, har bir tonna mahsulot faqatgi­na hosil emas, u orqali aholi daromadi va importni qisqartirish imkoniyati ham yara­tiladi. Shu nuqtayi nazardan, ozuqa bazasini kengaytirish ichki iqtisodiyot, narx va taʼ­minot muvozanatini qurishni taʼminlaydi­gan instrumentdir.

Shuningdek, kartoshka mahsuloti miso­li ham ahamiyatlidir. Oʻtgan yili 772 ming tonna kartoshka import qilingan boʻlsa, jo­riy yilda 4,5 million tonna hosil olish vazifasi qoʻyildi. Bu importga qaramlikni qisqartirish, ichki bozorda narxlarni bar­qarorlashtirish va aholiga arzon mahsulot taqdim etishga qaratilgan kompleks chora­dir.

Bir soʻz bilan aytganda, yurtimiz iqti­sodiy siyosati endi faqat hajm va koʻrsat­kichlarni oshirishga emas, tizimni bar­qarorlashtirish, resurslardan oqilona foydalanish va qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan strategik yoʻnalishga oʻtmoqda. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, iqtisodiy oʻsishning sifati va davomiyligi boshqa­ruvning samaradorligiga, ichki va tashqi bozorlardagi muvozanatga, energiya va mehnat unumdorligiga bogʻliq. Tashqi investitsiya­lar va yangi bozorlar iqtisodiy diversifi­katsiyani taʼminlasa, ichki narx barqarorlik, mahalliy mahsulotlar ulushi va energiya sa­maradorligi barqaror oʻsishning mustahkam poydevorini yaratadi.

Qishloq xoʻjaligi, sanoat va xizmatlar sohasidagi strategik choralar koʻrsatadiki, iqtisodiyot nafaqat koʻproq ishlab chiqa­rishni, balki har bir resursdan maksimal qiymat olishni maqsad qiladi. Mahalliy­lashtirish, energiya tejash, raqamlashtirish va innovatsiyalar joriy etilishi iqtisodiy tizimning samaradorligini oshiradi, tashqi bozorlar bilan raqobatbardosh pozitsiyalar­ni mustahkamlaydi.

Shu bois, mamlakatning iqtisodiy oʻsishi endilikda oddiy statistika emas, balki strategik ong va tizimli muvoza­nat natijasidir. Barqaror iqtisodiyot yalpi ichki mahsulot hajmi, resurslar­dan oqilona foydalanish, sifatli bosh­qaruv va uzoq muddatli barqarorlikning birlashgan ifodasidir. Umuman olganda, kelajakdagi iqtisodiy muvaffaqiyatlar eksportni kengaytirish va ichki bozorni tartibga solish, samarali boshqaruv, in­novatsiyalar va qoʻshilgan qiymat yaratish orqali shakllanadi.

Sardor TOLLIBOYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri