U iqtisodiyotning ichki quvvati qay darajada ishga solingani, imkoniyatlar qay darajada samaraga aylanganini koʻrsatadi. Agar ushbu jarayon chuqur tahlil va aniq ustuvor yoʻnalishlar bilan qoʻllab-quvvatlanmasa, koʻrsatkichlar oʻsishi mumkin, ammo mazmun jihatidan sezilarli oʻzgarish kuzatilmaydi.
Ana shunday sharoitda har bir hudud tabiiy, iqtisodiy va inson resurslariga tayanadigan mustaqil qiymat yaratadigan makon sifatida namoyon boʻladi. Har bir tarmoq esa samaradorlik va innovasiya asosida iqtisodiy faollikni taʼminlaydigan muhim boʻgʻinga aylanadi. Yuqori iqtisodiy oʻsish aynan shu ikki omil — hududiy imkoniyat va tarmoq salohiyati uygʻunlashganida barqaror tus oladi. Aks holda, oʻsish nomutanosiblikka olib kelishi, salohiyat esa toʻliq ishga solinmay qolishi mumkin.
13-fevral kuni davlatimiz rahbari raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Bugungi dunyoda iqtisodiy oʻsish oddiy jarayon emas. Global iqtisodiyot uzluksiz oʻzgarish holatida: savdo yoʻllari qayta shakllanmoqda, yirik davlatlar oʻrtasidagi geosiyosiy raqobat bozorlarga bevosita taʼsir koʻrsatmoqda. Koʻplab rivojlangan mamlakatlarda oʻsish surʼatlari sekinlashgan, ayrimlarida inflyatsiya va byudjet taqchilligi muammosi saqlanib qolmoqda. Bunday sharoitda barqaror oʻsishni taʼminlash iqtisodiy faollik emas, balki strategik muvozanatni saqlash xususiyatidir.
Qayd etilgan 7,7 foiz oʻsish va 147 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulot yillik hisobot emas. Bu iqtisodiyot qay yoʻnalishda harakatlanayotganini anglatuvchi signaldir. Agar iqtisodiyot faqat tashqi omil hisobiga oʻssa, u beqaror boʻladi. Agar oʻsish ichki imkoniyatlar, samaradorlik va tarkibiy oʻzgarishlarga tayansa, u mustahkam boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, oʻsishning yarmidan koʻpi xizmatlar sohasi hisobiga taʼminlangani iqtisodiyot tarkibida sifat jihatidan siljish kechayotganini koʻrsatadi. Bu resursga tayangan modeldan bilim va servisga asoslangan modelga oʻtish jarayonidir.
147 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulot esa mamlakat iqtisodiy qudratining hajmiy ifodasi. Lekin hajm har doim barqarorlik degani emas. Agar sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmatlar sohasi oʻrtasida nisbat saqlansa, shu bilan birga, ichki talab va investitsiyalar oʻrtasida uygʻunlik boʻlsa, iqtisodiyotning tashqi taʼsirlarga nisbatan chidamliligi oshadi. Demak, bu raqam ortida faqat ishlab chiqarish hajmi emas, balki iqtisodiy arxitektura turadi.
Yigʻilishda bildirilgan fikrlardan anglashiladiki, masala faqat makroiqtisodiy koʻrsatkichlarda emas. Endi eʼtibor markazida boshqaruv sifati turibdi. Har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari sohasiga yangicha yondashuv olib kirishi, resurslardan samarali foydalanishi, anʼanaviy eksport bozorlariga bogʻlanib qolmay, yangi yoʻnalishlar ochishi kerakligi alohida taʼkidlandi. Bu talab tasodifiy emas. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda resurs yetarli boʻlishi muvaffaqiyatni kafolatlamaydi. Muhimi — resursdan qanday foydalanish. Boshqaruv eski uslubda qolsa, hatto katta investitsiya ham kutilgan samarani bermaydi. Aksincha, toʻgʻri tashkil etilgan tizim kam imkoniyat bilan yuqori natija bera oladi.
Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha mutaxassislarni jalb qilish, innovatsiyalar kiritish, startap klublar orqali yoshlarni iqtisodiy jarayonlarga qoʻshish vazifasi qoʻyilishi iqtisodiyotni kelajakka moslashtirish harakatidir. Chunki global raqobat endi arzon xomashyo yoki arzon ishchi kuchi orqali emas, balki bilim va texnologiya orqali kechmoqda. Agar iqtisodiyot innovatsiyani qabul qilmasa, u tashqi bozorlarda pozitsiyasini yoʻqota boshlaydi.
Strategik korxonalar samaradorligi alohida muhokama qilingani bejiz emas. Yirik korxonalar iqtisodiyot ustunidir. Agar ularda xarajatlar ortiqcha, logistika samarasiz, xarid tizimi shaffof boʻlmasa, bu butun iqtisodiy zanjirga taʼsir qiladi.
Milliy investitsiya jamgʻarmasini boshqarishga jalb etilgan “Franklin Templeton” kompaniyasi tahlillarida korporativ madaniyat, logistika, raqamlashtirish va energiya samaradorligi boʻyicha katta zaxiralar mavjudligi qayd etilgani shuni koʻrsatadiki, muammo resurs yetishmasligida emas, tizim samaradorligida. 19 ta strategik korxonaga tannarxni 10-15 foiz qisqartirish vazifasi qoʻyilgani esa jiddiy signal. Bu raqamlar oddiy koʻrsatkich emas, raqobatbardoshlik masalasidir.
Muhim jihat shundaki, iqtisod qilish ishlab chiqarishni qisqartirish orqali emas, balki tannarxni kamaytirish orqali taʼminlanishi shartligi taʼkidlandi. Bu prinsipial yondashuv. Chunki ishlab chiqarishni qisqartirish qisqa muddatli oson yechim boʻlishi mumkin, ammo u oʻsishni sekinlashtiradi. Tannarxni tushirish samaradorlikni oshirishni talab qiladi. Bu esa tizimni isloh qilish demak.
Strategik korxonalarni “Yagona gʻaznachilik” axborot tizimiga ulash va xaridlarni risk-tahlil asosida toifalash tashabbusi ham moliyaviy intizomni kuchaytirishga qaratilgan. Chunki zamonaviy iqtisodiyotda har bir ortiqcha xarajat yoʻqotilgan imkoniyatdir.
Hududiy sanoat masalasida bildirilgan tanqidlar esa yana bir muhim nuqtani ochib beradi. Respublika sanoati uch yilda 21 foiz oʻsgan boʻlsa-da, ayrim tumanlarda oʻsish 10 foizga ham yetmagan. Bu nomutanosiblik tizimdagi ichki farqlarni koʻrsatadi. Kredit va investitsiyalar oʻsishi sanoat oʻsishiga toʻliq taʼsir koʻrsatmayotgani mablagʻning oʻzi yetarli emasligini anglatadi. Muhimi, uning yoʻnaltirilishi va nazorati.
Respublika sanoatini kamida 8,5 foiz oshirish boʻyicha tarmoqbay va hududbay rejalar tasdiqlanishi, birinchi chorak yakunlariga qarab rahbarlar faoliyatiga baho berilishi natija uchun javobgarlik mexanizmini kuchaytirishdir. Iqtisodiyotda intizom boʻlmasa, strategiya ishlamaydi.
Bu choralar iqtisodiy oʻsish endilikda faqat hajm emas, boshqaruv sifati masalasiga aylanmoqda. Agar boshqaruv yangilansa, tizim shaffof va samarali boʻlsa, mavjud resursning oʻziyoq yuqori oʻsish uchun yetarli boʻlishi mumkin.
2026-yil uchun 6,6 foizli ehtiyotkor prognoz belgilash ham real vaziyatni hisobga olgan yondashuv. Bugungi noaniq geosiyosiy muhitda haddan tashqari optimistik rejalar xavfli boʻlishi mumkin. Iqtisodiyotda eng nozik chiziq oʻsish va barqarorlik oʻrtasidagi muvozanatdir. Tezlik ortishi mumkin, ammo muvozanat yoʻqolsa, tizim izdan chiqadi.
Qiymat uchun kurash
Yigʻilishda avtomobilsozlik sohasi alohida tilga olindi. Yurtimizda yiliga 650 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega 4 ta yirik korxona mavjud. Bu yil ishlab chiqarishni 510 mingtaga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, 300 dan ziyod mahalliy korxona bilan kooperatsiya asosida yana 763 ta detalni mahalliy ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Bu raqamlar shunchaki sanoat statistikasi emas. Avtomobilsozlik — koʻp tarmoqli zanjir. U metallurgiya, kimyo, elektronika, logistika va xizmatlar sohasini birlashtiradi. Demak, bu yerda gap faqat avtomobil soni emas, balki butun sanoat ekotizimi haqida bormoqda. Agar detallar mahalliylashsa, qoʻshilgan qiymat mamlakat ichida qoladi. Agar kooperatsiya chuqurlashsa, kichik va oʻrta biznes sanoat zanjiriga bogʻlanadi. Shu nuqtayi nazardan, 763 ta yangi detal bu — importni qisqartirish emas, iqtisodiy mustaqillikni mustahkamlash qadami.
Aholi talabini ragʻbatlantirish uchun avtokredit stavkalarini pasaytirish va hajmini oshirish vazifasi qoʻyildi. Bu yerda nozik muvozanat bor. Talabni sunʼiy ragʻbatlantirish qisqa muddatda ishlab chiqarishni oshirishi mumkin. Lekin moliyaviy barqarorlikni hisobga olmasdan qilingan qadam inflyatsiya yoki qarz yuki ortishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Shuning uchun kredit siyosati real daromadlar dinamikasi va bozor imkoniyatlari bilan uygʻun boʻlishi shart. Iqtisodiyotda talab va taklif muvozanati buzilsa, oʻsish barqaror boʻlmaydi.
Yigʻilishda investitsiya siyosatini tubdan qayta koʻrib chiqish masalasi oʻrtaga tashlandi. Joriy yil 50 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilish rejasi belgilab qoʻyildi. Lekin bu yerda eng muhim jihat miqdor emas, sifat. Yangi loyihalar, birinchi navbatda, yuqori qoʻshilgan qiymatli, eksportbop mahsulot ishlab chiqarishi, resurslardan samarali foydalanishi va yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratishi kerakligi taʼkidlandi.
Bu yondashuv investitsiyaga qarash oʻzgarayotganini koʻrsatadi. Ilgari investitsiya hajmi asosiy koʻrsatkich boʻlgan, endi esa uning iqtisodiyotga qancha qiymat qoʻshayotgani hal qiluvchi mezonga aylanmoqda. Chunki past qoʻshilgan qiymatli loyihalar koʻp ish oʻrni yaratishi mumkin, ammo uzoq muddatda raqobatbardoshlikni taʼminlamaydi.
Vazirlar va hokimlardan har bir loyihaning bozori, eksporti, qoʻshilgan qiymati va yaratadigan ish oʻrinlari boʻyicha chuqur tahlil talab qilinishi ham shu nuqtai nazardan muhim. Investitsiya qurilishni boshlash emas, balki mahsulotni bozorga olib chiqishdir. Loyiha ishga tushdi degani, u iqtisodiyot uchun qiymat yaratdi degani emas. Qiymat mahsulot sotilganda, eksport qilinganda va daromad keltirganda yuzaga chiqadi.
Shu maqsadda “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasini joriy etish rejasi bildirildi. Loyihani ishga tushgandan keyin uch yil davomida monitoring qilish mexanizmi masʼuliyatni chuqurlashtirishdir. Chunki koʻp hollarda muammo loyihani boshlashda emas, uning barqaror ishlashini taʼminlashda yuzaga chiqadi. Nazorat tizimi boʻlmasa, investitsiya raqamda qolib ketishi mumkin.
Oʻtgan yili 55 ta yirik loyiha tashkiliy muammolar sabab kechikkani qayd etildi. Bu raqam tizimdagi boshqaruv nuqsonlarini koʻrsatadi. 165 milliard dollarlik 377 ta strategik loyihani alohida nazoratga olish rejasi esa shundan xulosa chiqarilganini anglatadi. Chunki katta investitsiya — katta masʼuliyat.
Umuman olganda, bu koʻrsatmalar bir narsani anglatadi: iqtisodiy siyosat endi “koʻproq jalb qilish” emas, “toʻgʻri yoʻnaltirish” bosqichiga oʻtmoqda. Sanoat va investitsiya masalasida asosiy kurash hajm uchun emas, qoʻshilgan qiymat uchun kechadi. Qiymat mamlakat ichida yaratilsa va tashqi bozorga chiqsa, oʻsish barqaror boʻladi. Agar u faqat raqamda qolsa, samara vaqtinchalik boʻlib qoladi.
Kelishuvlar geografiyasi va ichki iqtisodiy intizom
Yigʻilishda xorijiy tashriflar doirasida 135 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgani maʼlum qilindi. Joriy yilning oʻzida Turkiya bilan 9 milliard, Pokiston bilan 1 milliard 428 million dollarlik investitsiya bitimlari imzolangani qayd etildi.
Tashqi sheriklar geografiyasi kengayishi iqtisodiy diversifikatsiya belgisi. Bu bir yoki ikki bozorga bogʻlanib qolmaslik, xavflarni taqsimlash imkonini beradi. Lekin tashqi kapital oqimi ichki muhitga moslashmasa, u kutilgan samarani bermaydi. Investitsiyani jalb qilishdan koʻra, uni oʻzlashtirish qiyinroq. Chunki bu yerda yer ajratishdan tortib, infratuzilma, kadrlar tayyorlash va moliyaviy shaffoflikkacha boʻlgan zanjir ishlashi shart.
Investitsiya koʻpayishi hisobiga qurilish hajmini 400 trillion soʻmga yetkazish va sohada kamida 17 foiz oʻsishni taʼminlash vazifasi qoʻyilgani ham shu jarayonning mantiqiy davomidir. Qurilish — iqtisodiyotda multiplikativ taʼsirga ega tarmoq. U sementdan tortib, metallurgiya, elektrotexnika va transport xizmatlarigacha boʻlgan sohalarni harakatga keltiradi. Shu maʼnoda, byudjetdan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi uchun ajratilayotgan 40 trillion soʻm faqat xarajat emas, balki ichki bozorni ragʻbatlantiruvchi omil.
Biroq qurilish hajmini oshirishning oʻzi yetarli emas. Sifat, shaffoflik va samaradorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan, hududlardagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari nazoratini kuchaytirish, ayrim hududlarda xususiy sektorni jalb qilish tashabbusi raqobat va javobgarlik muhitini kengaytirishga qaratilgan. Davlat buyurtmasi katta bozor, lekin u samarali boshqarilmasa, resurs isrofiga aylanishi mumkin.
Energiya tejamkorligi va mahalliy mahsulot siyosati
Energiya samaradorligi boʻyicha berilgan koʻrsatmalar esa iqtisodiy sifatni oshirishga qaratilgan strategik yoʻnalishdir. Kichik va oʻrta korxonalarning energiya isteʼmoli katta ulushni tashkil etishi hisobga olinib, ular uchun alohida tizim joriy etish va uch yillik dastur ishlab chiqish belgilangani muhim qadam. 2026-yilda 100 million kub metr gaz va 500 million kilovatt- soat elektrni tejash rejasi oddiy iqtisod emas. Boisi, energiya tejash — ishlab chiqarishni qisqartirish emas, balki samaradorlikni oshirish. Agar korxona kamroq energiya sarflab, xuddi shu hajmda yoki undan koʻproq mahsulot ishlab chiqara olsa, uning tannarxi pasayadi, raqobatbardoshligi ortadi. Demak, energiya siyosati sanoat siyosati bilan uzviy bogʻliq.
Umuman olganda, bu qarorlar bir jihatni koʻrsatadi: iqtisodiy oʻsish endilikda faqat hajm ortishi bilan emas, resurslardan oqilona foydalanish bilan baholanmoqda. Tashqi kelishuvlar geografiyani kengaytirsa, ichki intizom barqarorlikni taʼminlaydi. Iqtisodiyotning mustahkamligi aynan shu ikki omil — tashqi ochiqlik va ichki samaradorlik oʻrtasidagi muvozanatga bogʻliq.
Respublikamizdagi 917 mingta yoritish chirogʻining yiliga 330 million kilovatt- soat elektr sarflayotgani, kunduz kuni ham yoniq qolish holatlari uchrayotgani qayd etildi. Bu raqamlar faqat statistika emas, u iqtisodiy energiyaning samarasiz sarflanishi va texnologiyalarning qoʻllanishini koʻrsatadi. Energiya iqtisodiyotida har bir kilovatt hisoblanadi, chunki u isteʼmolchilardan to strategik korxonalargacha har bir sohada xarajatlarni belgilaydi.
Masʼul tashkilotlarga yoritish ustunlariga kichik quyosh paneli, batareya va kun yorishishiga qarab oʻzi oʻchib-yonadigan datchik oʻrnatish topshirildi. Bu qarash oddiy “tejash” chorasi emas, balki iqtisodiyotda texnologik transformatsiyaning namunasi: har bir resursdan oqilona foydalanish, samaradorlik va barqarorlikka intilish. Shuningdek, bunday yangicha yondashuv shahar muhitida ham ijtimoiy va ekologik samarani oshiradi, chunki energiya tejash faqat iqtisodiy koʻrsatkich emas, ekologik masʼuliyatning belgisi hamdir.
Mahalliy mahsulotlar ulushini oshirish masalasi alohida muhokama qilindi. Qayd etilganidek, davlat xaridlarining umumiy hajmi 300 trillion soʻm boʻlib, unda mahalliy mahsulotlar ulushi 68 foizga yetgan. Tadbirkorlar tomonidan esa byurokratiya va eski qarashlar — “chet elniki sifatliroq” fikri hanuz saqlanishi aytib oʻtildi. Bu esa ichki bozorda samarador raqobatni cheklaydi, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni ragʻbatlantirishga toʻsiq boʻladi.
Yigʻilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarga topshiriq berildi: har bir loyiha, tender, qurilish va xomashyo taʼminoti bosqichlarida mahalliy mahsulot ulushini oshirish uchun shaxsan javobgarlik olish. Bu yondashuv shunchaki koʻrsatkichlarga erishish emas, balki davlat xaridlarini iqtisodiy va strategik instrument sifatida samarali qoʻllash demakdir.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, energiya samaradorligi va mahalliy mahsulot siyosati — iqtisodiy barqarorlikning ikki tomoni. Biri resurslarni tejaydi, ikkinchisi ichki bozorni mustahkamlaydi. Agar bu ikki mexanizm uygʻunlashsa, iqtisodiy oʻsish faqat hajmda emas, sifatida ham namoyon boʻladi.
Iqtisodiy oʻsishni tashqi bozorlar hisobiga taʼminlash masalasi alohida yoʻnalish sifatida koʻrildi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “ichki bozordagi talabning oʻzi bilan yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlab boʻlmaydi”. Chunki ichki talab bir nuqtada cheklanadi, undan ortiq esa strategik oʻsishni taʼminlamaydi. Shu bois, yangi mahsulotlar va yangi bozorlar — iqtisodiy rivojlanishning hal qiluvchi drayveri hisoblanadi.
Oʻtgan yili eksport 22 foiz oʻsib, 24 milliard dollarga yetgan boʻlsa-da, koʻp rahbarlar eski ish uslubidan voz kecha olmayotgani misollar bilan koʻrsatildi. Bu iqtisodiy tajribaning ikki tomonini ochib beradi: bir tomondan, koʻrsatkichlar oʻsishi samarali; ikkinchi tomondan, yangi texnologiya va bozor strategiyalari qoʻllanilmasa, yuqori oʻsish barqaror boʻlmaydi. Shu nuqtayi nazardan, endilikda eksport talabi faqat hajm emas, yangi mahsulot va yangi bozorlarga ham bogʻlangan. Bu iqtisodiyotda sifat va hajmning uygʻunligi, barqaror oʻsishning shartidir.
Ichki bozorni barqarorlashtirish alohida muhim vazifa. Yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etgani, uning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga, ayniqsa, 13 foizi goʻsht narxi orqali shakllangani qayd etildi. Bu raqamlar inflyatsiya ham iqtisodiy siyosatga bogʻliq jarayon ekanini koʻrsatadi. Shu bois, tarmoq bozorlari hamda mehnat unumdorligi markaziga ichki va tashqi xatarlarni oldindan aniqlash, tuman va shahar bozorlarini har hafta tahlil qilish, talab prognozini shakllantirish, har chorakda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari balansini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, tashqi bozorlarni kengaytirish va ichki narx barqarorligini taʼminlash iqtisodiy oʻsishning bir-biriga bogʻliq ikki ustunidir. Agar eksportda yangi strategiyalar yoʻlga qoʻyilsa va ichki bozorda tartib saqlansa, iqtisodiy rivojlanish barqaror boʻladi.
Narx barqarorligi va daromad
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasi alohida eʼtiborga olindi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ichki narx barqarorligi va aholi daromadlarini taʼminlashda qishloq xoʻjaligi strategik ahamiyatga ega. Narxlarning keskin koʻtarilishi iqtisodiy koʻrsatkichlarga taʼsir qilib, ijtimoiy barqarorlik va aholi ishonchini ham sinaydi.
Goʻshtda importga qaramlikni qisqartirish uchun ozuqa bazasini mustahkamlash masalasi alohida tilga olindi. Muborak tumanida 5 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, makkajoʻxori ekish boshlangani namuna sifatida keltirildi. Joriy yilda esa qoʻshimcha 60 ming gektarda shu ishlar tashkil etilishi lozimligi koʻrsatildi. Bu orqali qoʻshimcha 350 ming chorva uchun kafolatlangan ozuqa bazasi yaratiladi.
Bu jarayon faqat ekin maydonini kengaytirish emas, balki iqtisodiy barqarorlik poydevorini mustahkamlashga qaratilgan harakatdir. Qishloq xoʻjaligi sohasida har bir gektar, har bir tonna mahsulot faqatgina hosil emas, u orqali aholi daromadi va importni qisqartirish imkoniyati ham yaratiladi. Shu nuqtayi nazardan, ozuqa bazasini kengaytirish ichki iqtisodiyot, narx va taʼminot muvozanatini qurishni taʼminlaydigan instrumentdir.
Shuningdek, kartoshka mahsuloti misoli ham ahamiyatlidir. Oʻtgan yili 772 ming tonna kartoshka import qilingan boʻlsa, joriy yilda 4,5 million tonna hosil olish vazifasi qoʻyildi. Bu importga qaramlikni qisqartirish, ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish va aholiga arzon mahsulot taqdim etishga qaratilgan kompleks choradir.
Bir soʻz bilan aytganda, yurtimiz iqtisodiy siyosati endi faqat hajm va koʻrsatkichlarni oshirishga emas, tizimni barqarorlashtirish, resurslardan oqilona foydalanish va qoʻshilgan qiymat yaratishga qaratilgan strategik yoʻnalishga oʻtmoqda. Yigʻilishda taʼkidlanganidek, iqtisodiy oʻsishning sifati va davomiyligi boshqaruvning samaradorligiga, ichki va tashqi bozorlardagi muvozanatga, energiya va mehnat unumdorligiga bogʻliq. Tashqi investitsiyalar va yangi bozorlar iqtisodiy diversifikatsiyani taʼminlasa, ichki narx barqarorlik, mahalliy mahsulotlar ulushi va energiya samaradorligi barqaror oʻsishning mustahkam poydevorini yaratadi.
Qishloq xoʻjaligi, sanoat va xizmatlar sohasidagi strategik choralar koʻrsatadiki, iqtisodiyot nafaqat koʻproq ishlab chiqarishni, balki har bir resursdan maksimal qiymat olishni maqsad qiladi. Mahalliylashtirish, energiya tejash, raqamlashtirish va innovatsiyalar joriy etilishi iqtisodiy tizimning samaradorligini oshiradi, tashqi bozorlar bilan raqobatbardosh pozitsiyalarni mustahkamlaydi.
Shu bois, mamlakatning iqtisodiy oʻsishi endilikda oddiy statistika emas, balki strategik ong va tizimli muvozanat natijasidir. Barqaror iqtisodiyot yalpi ichki mahsulot hajmi, resurslardan oqilona foydalanish, sifatli boshqaruv va uzoq muddatli barqarorlikning birlashgan ifodasidir. Umuman olganda, kelajakdagi iqtisodiy muvaffaqiyatlar eksportni kengaytirish va ichki bozorni tartibga solish, samarali boshqaruv, innovatsiyalar va qoʻshilgan qiymat yaratish orqali shakllanadi.
Sardor TOLLIBOYEV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri