«O‘zbekneftgaz» AJning quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’mirlash jarayonlarining operatsion samaradorligini oshirish bo‘yicha tuzilgan shartnoma doirasida Kanadaning «RLG International Inc.» kompaniyasi maslahatchilari bilan dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Shartnomada xorijiy mutaxassislarning ishlab chiqarish korxonalariga tashrifi, diagnostika bo‘yicha ishlarni bajarish, quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’mirlash jarayonlarining hozirgi holatini baholash ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida Sho‘rtan, Muborak, Gazli va Ustyurt neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari maydonlarida, shuningdek konlarda olib borilayotgan ishlar ko‘zda tutilgan. «O‘zneftgaz Burg‘ilash Ishlari» MChJ tomonidan quduqlarni burg‘ilash samaradorligi va «O‘zbekneftgaz» AJ Burg‘ilash ishlarini muvofiqlashtirish departamenti bilan o‘zaro aloqalari baholanadi.

Shuningdek, «O‘zneftgazquduqta'mirlash» AJ quduqlarini kapital ta'mirlash bo‘yicha ishlar samaradorligi va «O‘zbekneftgaz» AJ Konlarni ishlatish departamenti bilan o‘zaro hamkorlik ham ko‘zda tutilgan.

Dastlabki uchrashuv natijasida loyihaning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy harakatlar kelishib olindi va loyihaning o‘z vaqtida bajarilishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi, deb xabar beradi «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati.