Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev delegatsiya aʼzolari bilan uchrashdi. Tadbir ishtirokchilari koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan zarur chora-tadbirlar boʻyicha fikr almashdi.

Robert Kox institutining rahbar kadrlari hamda malakali epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist kabi tajribali mutaxassislaridan iborat delegatsiya mamlakatimizda 12-noyabrgacha boʻlishi rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida germaniyalik shifokorlar Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Samarqand viloyatidagi ushbu sohaga ixtisoslashtirilgan shifoxonalar, tibbiy markaz va laboratoriyalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, koronavirusni tashhislash, nazoratga olish, onlayn maslahat, konsultatsiya, seminar-treninglar tashkil etish, bemorlarni davolashda bevosita qatnashib, mahalliy shifokorlar bilan birga hamkorlikda ish olib borishi koʻzda tutilgan.

Robert Kox instituti mutaxassislari mamlakatimizda avgust oyidagi tashrifida Samarqand, Buxoro, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida boʻlib, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashda bevosita ishtirok etgan.

Germaniyalik mutaxassislarning mamlakatimizga tashrifi davom etadi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.