“Rosatom” Oʻzbekistonda ikki blokli katta va kichik AES quradi

    Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan Oʻzbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasi qayta shakllandi. Endi ham kichik, ham katta AES qurilishi rejalashtirilmoqda, deya xabar bermoqda “Interfax” nashri.

    Qayd etilishicha, Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida oʻtkazilgan Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi tovar aylanmasini oshirish boʻyicha ishchi guruh yigʻilishi yakunida maʼlum qilingan.

    “Oʻtgan yili kichik quvvatli atom stansiyasi qurilishiga start berilgan edi. Bu yil esa davlat rahbarlari loyihani qayta shakllantirib, katta quvvatli ikki blokli stansiya va kichik quvvatli ikki blokli stansiya qurishga kelishib oldi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

    Aprel oyi oxirida “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachev jurnalistlarga davlat korporatsiyasi bir yil ichida yoki undan oldinroq Oʻzbekistondagi kichik AES poydevorini quyishni rejalashtirganini maʼlum qilgan. Oʻshanda Lixachev mamlakatda yirik AES qurish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan, mamlakat rahbariyati bunday qaror qabul qilgan taqdirda, “Rosatom”da “nafaqat bu kelajak inshootlarning koʻrinishi, balki moliyaviy sxemasi va maksimal mahalliylashtirish bilan bogʻliq tashkiliy masalalar boʻyicha ham takliflar tayyor boʻlishini” taʼkidlagan.

    Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonda kichik AES qurish loyihasi “Rosatom”ning xorijdagi ilk shunday eksport loyihasi hisoblanadi. Tomonlar bu borada oʻtgan yil bahorda kelishib olishgan, kuzda esa loyihalash ishlari va hujjatlarni ishlab chiqishni nazarda tutuvchi protokol imzolangan.

    Loyihada har birining quvvati 55 MVt boʻlgan oltita reaktor qurilishi koʻzda tutilgan. Qurilish ishlari joriy yil yozida boshlanishi, AES esa 2029—2033-yillarda bosqichma-bosqich ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

    Shu bilan birga, loyihani Oʻzbekiston tomoni moliyalashtirishi moʻljallangan, Rossiya krediti masalasi muhokama qilinmagan.