Prezidentimizning 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to'g'risida”gi qarori ijrosi yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi organlari tomonidan ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, yaqinda Rossiya Federatsiyasi Bosh harbiy prokuraturasining amaliy ko'magi tufayli Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g'alabaga katta hissa qo'shgan, mislsiz jasorat va qahramonlik ko'rsatgan xalqimizning ardoqli o'g'loni general-mayor Sobir Umar o'g'li Rahimovning Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Markaziy arxivida saqlanayotgan shaxsiy yig'ma jildidagi zarur hujjatlardan nusxalar olinib kitob holida mamlakatimizga keltirilishi muhim ahamiyatga molik voqea bo'ldi.
To'plamning noyobligi shundaki, undagi hujjatlar general-mayor Sobir Rahimovning hayoti va harbiy xizmatdagi faoliyatiga doir yurtimizdagi mavjud tarixiy materiallarni yangi ma'lumotlar bilan yanada boyitadi.
SHu nuqtai nazardan, ulug' ajdodimizning hayoti va faoliyatini, janggohlarda ko'rsatgan bemisl jasoratini chuqur o'rganishga keng imkoniyat yaratish maqsadida ushbu manba poytaxtimizda barpo etilayotgan “G'alaba bog'i” hududidagi “SHon-sharaf” muzeyi ekspozitsiyalari fondiga joylashtirish uchun ishchi guruhga topshirildi.