“Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti prorektori, texnika fanlar doktori, professor Aleksandr Fyodorovich Maksimenko bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan 2021-yilda “Ishlab chiqarish menejmenti” yoʻnalishi ochilganligi maʼlum qilindi, shu bilan birga keyingi oʻquv yilidan uglevodorodlarni qayta ishlash, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish kabi yoʻnalishlarni ochish taklifi berildi. Bundan tashqari, talabalar mukammal bilim olishlari uchun Filialda magistratura bosqichini yoʻlga qoʻyish hamda soha bilan bogʻliq boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini Universitetda (Moskva shahrida) maqsadli magistratura bosqichida oʻqitish taklifi berildi.

Oʻz navbatida, 2021–2022 oʻquv yili uchun Filial qabul komissiyasi faoliyati, abituriyentlarning imtihon topshirishlari uchun yetarli sharoit yaratish, oʻqishni tamomlagan talabalarni mutaxassisligi boʻyicha ish bilan taʼminlash masalalari tahliliy muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlikning ahamiyati va samaradorligi taʼkidlanib, koʻp yillik olib borilgan hamkorlikdagi ishlar doirasida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali Respublika neft-gaz tarmogʻi uchun kuchli va malakali mutaxassislarni tayyorlab bergani qayd etildi.

Gubkin filialida tahsil olgan koʻplab yoshlar “Oʻzbekneftgaz” tizimida muvaffaqiyatli ish olib boryapti, bundan tashqari ular allaqachon muhim lavozimlarni egallab, kompaniya rivojlanishiga faol hissa qoʻshayotganlari taʼkidlandi.

Boshqaruv raisi Filial faoliyati bilan bogʻliq barcha tashkiliy masalalarni hal qilishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini maʼlum qildi. Joriy yilda bitiruvchilar soni 230 nafarni tashkil etib, ularning barchasi “Oʻzbekneftgaz” AJ va uning tizimidagi korxonalar hamda “LUKOYL Uzbekistan Opereyteng Kompanii”, “ERIELL” kabi yirik xorijiy kompaniyalarda ishlash imkoniyatiga ega boʻladi. Shu vaqtga qadar ushbu oliy oʻquv dargohini 1 370 nafar talaba tamomlagan.

Mazkur uchrashuvda, Filialga joriy yilda talabalarni oʻqishga qabul qilish kvotalari oldingi yillarga nisbatan bir muncha oshganligi qayd etildi. Filial direktori Boshqaruv raisidan kirish imtihonlarida qatnashadigan abituriyentlarni, Respublikaning turli hududlaridan kelishlarini inobatga olib, ushbu jarayonni tashkillashtirishda amaliy yordam berilishini soʻradi.

Qayd etish kerakki, “Geologiya qidiruv texnologiyasi”, “Neft va gaz quduqlarini burgʻilash”, “Neft qazib chiqarish obyektlarini ishlatish va xizmat koʻrsatish”, “Gaz, gaz kondensat qazib chiqarish va yer ostida saqlash obyektlarini ishlatish va xizmat koʻrsatish”, “Neft, gaz va ularning mahsulotlarini transport qilish va saqlash obyektlarini ishlatish va xizmat koʻrsatish, “Gaz-neft quvurlari va gaz-neftni yer ostida saqlash omborlarini qurish va taʼmirlash”, “Neft-gaz kompleksi tashkilotlari iqtisodiyoti” va “Ishlab chiqarish menejmenti” yoʻnalishlari boʻyicha 480 ta oʻrin ajratildi.

Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tomonidan bugungi uchrashuvda soha uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashni yana-da takomillashtirish maqsadida, Filialni kelgusi yillarda rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xarita” ishlab chiqish borasida masʼullarga topshiriq va vazifalar berildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalari Filialning mavjud kafedralari bilan kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar boʻyicha muntazam tarzda hamkorlikda faoliyat yuritishi belgilandi. Bu oʻrinda, Filial talabalari va ilmiy tadqiqotchilari korxonalarda amaliy izlanishlar olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.

Shuningdek, Filial talabalarini va yosh olimlarini neft-gaz korxonalaridagi texnologik jarayonlar, qurilmalar va ularning ishlash prinsiplarini ishlab chiqarish sharoitida oʻrganish hamda nazariy-amaliy bilimlar yaxlitligini taʼminlagan holda taʼlim jarayoniga tadbiq etish maqsadida, talabalarning oʻquv-amaliy mashgʻulotlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish uchun “Oʻzbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida Filialning tajriba sinov uchastkalari” tashkil qilinganligi va buning uchun talabalarga yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun Filial rahbariyati “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisiga minnatdorchilik bildirdi.

Shu yilning mart-may oylarida Filialning 270 nafardan ziyod talabalari oʻquv-amaliy mashgʻulotlarini “Oʻzbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etilgan. I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali talabalarini ragʻbatlantirish, intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirish maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining stipendiyasi joriy etildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.