Rossiyada enaga oʻzbekistonlik bolani politsiyaga topshirib yubordi

    Vasiylik organi goʻdakni tashlandiq bola sifatida rasmiylashtirib, unga yangidan ism-familiya berdi.

    Toshkent shahrida yashovchi fuqaro V.D. hozirda Rossiya Federatsiyasi Lyuberetskiy tumanidagi vasiylik organida 1 oydan beri saqlanayotgan nevarasi 2022-yili tugʻilgan Z.N.ni Oʻzbekistonga qaytarilishida Ijtimoiy himoya milliy agentligidan amaliy yordam soʻradi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

    Murojaatchining bildirishicha, bolaning onasi (V.D.ning qizi) Z.A. bolasini enagaga qoldirgan va uni olib ketmagan uchun enaga politsiya chaqirgan boʻlib, politsiya esa bolani vasiylik organiga topshirgan. Vasiylik organi esa nevarani tashlandiq bola sifatida rasmiylashtirib, unga yangidan ism-familiya bergan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda mazkur holat yuzasidan kompleks oʻrganish ishlari boshlangan.

    Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, voyaga yetmagan Z.N. hech bir hujjatlarsiz vaqtinchalik parvarish qilish markaziga olib ketilgan boʻlib, shu tufayli Rossiya tomoni bolaning onasi bilan munosabatlarini tasdiqlash uchun DNK testini tayinlash orqali sudda bolaning shaxsini aniqlash kerakligi maʼlum qilingan.

    Hozirda bolaning buvisi fuqaro V.D. tashabbusi bilan fuqaro Z.A. qizi N.Z. bilan oilaviy munosabatlarni rasmiy tasdiqlash uchun Rossiya Federatsiyasida tegishli tartibda sudga ariza bergan.

    Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan fuqaro V.D.ning voyaga yetmagan nabirasi Z.N.ni uning vasiyligiga oʻtkazish uchun zarur hujjatlar Rossiya Federatsiyasining vasiylik va homiylik organlariga yuborildi.

    Ayni vaqtda Agentlik tomonidan fuqaro V.D.ga huquqiy maslahatlar va zarur yordamlar koʻrsatish boʻyicha ishlar davom etmoqda.