Bunday guvohnoma egalari ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirmasdan Rossiyada ishlashi mumkin.
Davlat dumasining seshanbadagi yigʻilishida ikkinchi, yaʼni asosiy oʻqishda oʻn yil muddatga Rossiya hududida yashayotgan, lekin fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun vaqtinchalik guvohnoma joriy etish boʻyicha qonun loyihasini qabul qildi.
“Rossiya Federatsiyasidagi chet el fuqarolari huquqiy holati haqida”gi Qonun fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun vaqtinchalik guvohnoma haqidagi norma bilan toʻldiriladi. Bu yerda “fuqaroligi boʻlmagan shaxsga berilgan va uning shaxsini va Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha yashashini tasdiqlovchi hujjat” nazarda tutiladi. Shuningdek, qonunda fuqaroligi boʻlmagan shaxsning vaqtinchalik hujjati elektron shaklda berilmasligi qayd etilgan.
Guvohnoma olish uchun Rossiya IIV ning hududiy organiga ariza beriladi va 10 ish kunida hujjat egasiga taqdim etiladi. Bunday hujjat egalari Rossiya Federatsiyasi hududida ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirmasdan ishlash huquqiga ega boʻladi.
Qonun loyihasida agar mazkur hujjat egasi boshqa mamlakat fuqaroligini yoki boshqa mamlakatda vaqtincha yashash huquqini olsa, guvohnoma oʻz kuchini yoʻqotishi haqida aniqlik kiritilgan. Bunday shaxs 15 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak boʻladi, deb xabar beradi TASS.