“Dunyo” axborot agentligi xabar berishicha, Oʻzbekiston Bosh konsulxonasiga Rostov viloyati Bataysk shahrida yashovchi hamyurtimiz B.Yu. uyida yongʻin chiqishi oqibatida voyaga yetmagan nabirasi X.A. halok boʻlgani va uni vatanga qaytarishda yordam soʻrab murojaat qilgan.
Aniqlanishicha, murojaat qilgan hamyurtimiz Rostov viloyatidagi qurilish obyektlarida ishlab kelgan. Ushbu baxtsiz hodisa oqibatida nabirasining barcha hujjatlari yonib ketgan. Oqibatda nabirasining hujjatlarini rasmiylashtirish hamda jasadni yurtimizga qaytarishda Rossiya tomoni bilan muammo paydo boʻlgan.
Bosh konsulxona mazkur holat yuzasidan zudlik bilan Rossiyaning vakolatli tibbiyot birlashmalari bilan muzokara olib borib, voyaga yetmagan vatandoshimizning jasadini vatanga tezkorlik bilan qaytarish chorasin koʻrdi.
Murojaatchi nomiga Bosh konsulxona tomonidan vatanga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirilib, Migratsiya agentligi jamgʻarmasi hisobidan jasad “Uzbekistan Airways” kompaniyasining Krasnodar-Toshkent yoʻnalishi orqali vatanga qaytarildi.