Koronavirusga qarshi emlashning dastlabki bosqichida eng avvalo tibbiyot xodimlari va mamlakatning keksa aholisi emlanadi. Bu haqda Rossiya sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari Oleg Gridnev maʼlum qildi.
Gamaleya markazida ishlab chiqilgan vaksinani roʻyxatdan oʻtkazish 12-avgustda amalga oshiriladi. Ayni paytda oxirgi, uchinchi bosqich sinovlari olib borilmoqda.
Vazir oʻrinbosarining taʼkidlashicha, mutaxassislar aholining immuniteti shakllanganda preparatning samaradorligini baholay oladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Rossiya sogʻliqni saqlash vaziri Mixail Murashko mamlakatda ommaviy emlash oktyabr oyida amalga oshirilishi rejalashtirilganini aytgandi. Unga koʻra, barcha xarajatlar davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
18-iyun kuni Sechenov universitetida Gamaleya nomidagi milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqilgan vaksinaning klinik sinovlari boshlandi. 38 nafar koʻngilli ishtirok etgan tadqiqotda uning xavfsizligi tasdiqlandi.