Sankt-Peterburg shahrida oʻzbekistonlik uch nafar bola “Mangu olov”ni qor bilan oʻchirib qoʻydi. Militsiya bolalarning oilalari migratsiya qonunchiligini buzgan holda yashab kelayotgani va shu tufayli mamlakatdan chiqarib yuborilishini bildirdi.
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida oʻzbekistonlik uch nafar bola monument yonidagi “Mangu olov”ni qor bilan oʻchirib qoʻydi. Endi ular ota onalari bilan birga mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.
Voqea 10-dekabr kuni kechqurun Krasnoye Selo hududida sodir boʻlgan. “Fontanka” nashri tomonidan eʼlon qilingan videoda oʻsmirlardan biri quchogʻidagi qorni “Mangu alanga” ustiga uloqtirgani, soʻngra birgalikda qochib ketgani aks etgan.
Militsiya bolalarning 10 va 14 yoshli ikki aka-uka hamda 12 yoshli boshqa bir bola ekanini aniqladi. Bolalar va ularning ota-onalari Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan, deyiladi xabarda.
Militsiya Rossiyaning turli shaharlarida doimiy ravishda “Mangu olov” bilan bogʻliq har qanday harakatlarni sodir etgan odamlarni hibsga oladi. Odatda, ularga nisbatan maʼmuriy huquqbuzarlik boʻyicha, ayrim holatlarda jinoiy protokollar tuziladi. Hujjatlar dafn etilgan joylarni tahqirlash yoki natsizmni reabilitatsiya qilish toʻgʻrisidagi moddalar boʻyicha ochiladi.