Bolalar ombudsmani mazkur videodagi holatni tegishli protsessual tartibda oʻrganishi uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qildi.

Tegishli idoralarning tezkor hamkorligida holat oʻrganilib, videotasvirdagi maʼlumot asosida ayolning shaxsi identifikatsiya qilindi.

Aniqlanishicha, bu shaxs Andijon viloyati Jalaquduq tumanida yashovchi 1995-yilda tugʻilgan A.G. boʻlib, hozirgi paytda u (2016-yildan beri) Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida turmush oʻrtogʻi B.I. bilan yashab keladi. Shuningdek, videotasvirdagi goʻdak A.G. va B.I.ning 2019-yilda tugʻilgan farzandi R.X. ekanligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tegishli soʻroviga asosan Bosh konsulxona hamda Novosibirsk oblasti IIV xodimlari bilan oʻzaro tezkor maʼlumotlar almashinishi natijasida, 19-yanvar kuni B.I va A.G. lar Berdyansk shahrida qoʻlga olinib, protsessual tartibda hibsga olindilar.

Rossiya Federatsiyasi Tergov Qoʻmitasining Novosibirsk shahri (Oktyabrskiy rayoni) tergov boshqarmasi tomonidan A.G. va B.I. ga nisbatan RF JK 117-moddasi (qiynash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi va hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur jinoyat ishi yurituvi doirasida Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan voyaga yetmagan R.X. manfaatlarini taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Rossiya Federatsiyasi tergov qoʻmitasi bilan huquqiy hamkorlik choralarini davom ettirmoqda. Bu borada qoʻshimcha ravishda maʼlumot beriladi.

Mazkur holat boʻyicha Bolalar ombudsmani oʻz kuzatuvini davom ettiradi.