Rossiyada qarovsiz qolgan ikki norasidani Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha harakatlar boshlandi

    Bolalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoʻqligi ularni darhol Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish imkoniyatini qiyinlashtirayotgani maʼlum qilindi.

    Rossiya Federatsiyasida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining ikki nafar voyaga yetmagan va ota-ona qaramogʻisiz qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

    Mazkur holat yuzasidan Ijtimoiy himoya Milliy agentligi rasmiy munosabat bildirdi.

    Maʼlum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida roʻyxatda turuvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi M.I. 2010-yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga joʻnab ketgan.

    Uning 2015-yil hamda 2017-yillarda tugʻilgan voyaga yetmagan ikki nafar qizi ham uy sharoitida dunyoga kelgan boʻlib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoʻq, bu esa oʻz navbatida ularni darhol Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish imkoniyatini qiyinlashtiradi.

    M.I. bolalarini oʻzbekistonlik vatandoshi J.A. (Surxondaryo viloyatida roʻyxatda turuvchi)ga tashlab, qaytib kelmagan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra fuqaro M.I. Udmurtiya Respublikasining Ijevsk shahri tergov izolyatorida saqlanmoqda.

    Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tomonidan Oʻzbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan bolalarni Rossiya hududida uyda tugʻilganlik holatini rasmiylashtirish va ularga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish choralari koʻrilmoqda.

    Bolalarga yordam koʻrsatish va ularni Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish maqsadida Agentlikning masʼul xodimlari biriktirilib, mazkur holatning kelib chiqishi va uni bartaraf etish yuzasidan kompleks oʻrganishlar davom ettirilmoqda.

    Mazkur holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etiladi.