Rossiyada ota-onasi yoʻl-transport hodisasi oqibatida halok boʻlgan 11 yoshli bola Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 14-aprel kuni Rossiya Federatsiyasining Astraxan viloyatida ikki yengil avtomobil toʻqnashuvi tufayli sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi oqibatida Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan (2013-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola) B.R. shifoxonaga yotqizilgan. Afsuski, ushbu fojiali hodisa oqibatida bolaning avtomashinada boʻlgan ota-onasi vafot etgan.
Bola yengil jarohat olgan boʻlib, koʻrsatilgan tibbiy yordam tufayli sogʻligʻi tiklangandan soʻng, uni Oʻzbekistonga qaytarish va yaqin qarindoshlari qaramogʻiga topshirish masalasi oʻrganilgan. Xususan, fojiadan xabar topgan bolaning yaqin qarindoshlari yetib kelib vaqtincha vasiylikni rasmiylashtirish jarayonini boshlagan boʻlishsa-da, B.R. ni Rossiya Federatsiyasidan olib chiqish uchun hujjatlar yetarli boʻlmagan.
Mazkur masala yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belova Oʻzbekiston Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga murojaat qilgan.
Bolalar ombudsmani va Ichki ishlar vazirligining tezkor hamkorlik choralari natijasida Oʻzbekistonning Rostov-na-Donu shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Astraxan viloyati Ijtimoiy rivojlanish va mehnat vazirligi tomonidan zaruriy amaliy yordam koʻrsatilib, bolaga va uning qarindoshiga qisqa fursatda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va bolaning vatanga qaytishi taʼminlangan.
Bildirilishicha, hozirda bola Oʻzbekistonga olib kelinib, qarindoshlari (onasining singlisi) qaramogʻiga topshirilgan. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bolaga rasman vasiylik va unga zarur boʻlgan ijtimoiy-psixologik choralari koʻriladi.