Rossiyadagi vaqtinchalik saqlash markazidagi vatandoshlar holidan xabar olindi

    Ularning aksariyati mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat beruvchi patentning muddati oʻtib ketgani bois mazkur muassasaga joylashtirilgani maʼlum qilindi.

    Oʻzbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Yekaterinburg shahrida joylashgan Xorijiy fuqarolarni vaqtinchalik saqlash markazida boʻlib, vatandoshlar holidan xabar olishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

    Mazkur muassasa vakolatli xodimlari bilan suhbat jarayonida bu yerda saqlanayotgan vatandoshlarimiz muammolarini tezkorlik bilan hal etish maqsadida Bosh konsulxona va mazkur muassasa oʻrtasida amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha fikr almashildi.

    Markazda vatandoshlarni saqlash, ularning tibbiy va boshqa zarur yordamlarni olishi, shuningdek, yaqin qarindoshlari bilan telefon muloqotlarini tashkil etish shartlariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Yurtdoshlarimiz bilan muloqot chogʻida ularning aksariyati mehnat faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat beruvchi patentning muddati oʻtib ketganligi bois mazkur muassasaga joylashtirilganliklari maʼlum qilindi.