Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, Rossiya davlatidagi yurtdoshlarimizga mamlakatimizga kelishlari uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yil fevral oyida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan “Voljskiy – Toshkent” yoʻnalishida 483-sonli maxsus yoʻlovchi poyezdining ikki marotaba qatnovi amalga oshiriladi.

Ushbu poyezdlar 2022-yil 18 va 25-fevral kunlari soat 20:50da “Voljskiy” temir yoʻl vokzalidan harakatini amalga oshiradi. Mazkur poyezdga faqat bir tomonga, yaʼni “Voljskiy-Toshkent” yoʻnalishiga chiptalar sotiladi. Chiptalarni elektron tarzda ham sotish yoʻlga qoʻyilgan.

Rossiyadagi yurtdoshlarimizning yaqinlari Oʻzbekistonda turib, ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatining nusxasi bilan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ veb-sayti orqali ye-ticket.railway.uz dan chiptalarni elektron tarzda xarid qilib olib, joʻnatishlari ham mumkin.